Agrotuproq rayonlashtirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Agrotuproq rayonlashtirish — mintaqalarni oʻsimliklarning oʻsishi va rivojlanishiga taʼsir koʻrsatuvchi tuproq xususiyatlari, iqlim va gidrogeologik sharoitlari, litologik-geomorfologik tuzilishi va baʼzi boshqa belgilari (eroziya, shoʻrlanish) ga, shuningdek qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining oʻziga xosligiga koʻra hududlarga ajratish (qarang Tuproqni rayonlashtirish). Oʻzbekistonda Agrotuproq rayonlashtirish ning ilmiy asoslari 30-yillarda yaratilgan. Obikor dehqonchilik sharoitida Agrotuproq rayonlashtirish uchun tuproqlarning kelib chiqishi bilan bir qatorda shu tuproqning qachondan beri sugʻorilishi, madaniylashganlik darajasi, shuningdek eroziya, ikkilamchi shoʻrlanish, shoʻrxoklik, toshloqlik, botqoqlik kabi qishloq xoʻjaligiga noqulay holatlarning namoyon boʻlish darajasi ham hisobga olinadi. Agrotuproq rayonlashtirish qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini toʻgʻri tashkil qilish, jumladan oʻstiriladigan ekinlarni rayonlashtirish, agronomik va meliorativ tadbirlarni rejalashtirish hamda amalga oshirish, agrotexnik va sugʻorish usullarini toʻgʻri tanlash, mashinalar tizimini ishlab chiqish va sh.k. uchun zarur. Agrotuproq rayonlashtirish qoʻyilgan maqsadlarga qarab turli aniqlikda ishlab chiqiladi. Sxematik Agrotuproq rayonlashtirish da katta rayonlar ajratilib, bu yerda koʻp tarkalgan tuproq tiplari, agrotexnik va boshqa usullar samaradorligini taʼminlaydigan yaxlitlangan tabiiy koʻrsatkichlar va asosiy meliorativ tadbirlar koʻrsatiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil