Aerovokzal
Aerovokzal — aeroportlarsa havo transporti yoʻlovchilariga xizmat koʻrsatiladigan va yuk operatsiyalari oʻtkaziladigan bino yoki binolar majmui. Aerovokzal tarkibiga vokzal oldi maydoni (shahar transporti toʻxtab turish maydoni bilan birga), samolyotlar turadigan perron, perron texnika xizmati koʻrsatish binolari, samolyot bortida yoʻlovchilarga beriladigan oziqovqat tayyorlash sexi, mehmonxonalar, komanda-dispetcherlik punktini oʻz ichiga olgan asosiy inshootlar majmui kiradi. Odatda, bu bino va inshootlar aerovokzal binosi bilan birga quriladi. Aerovokzalning ichki va xalqaro liniyalarga xizmat koʻrsatuvchi xillari boʻladi. Aerovokzalda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish yumushlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi; chiptalar sotish va roʻyxatga olish; reys boʻyicha yuklarni qabul qilish, rasmiylashtirish, komplektlash va uchib kelgan yoʻlovchilarga yuklarini berib yuborish; samolyotlarning uchishi va qoʻnishi haqida axborot berib turish, pochta, maishiy, tibbiy va boshqa xizmatlar koʻrsatish. Aerovokzalning oʻlchami aeroportning yoʻlovchilarni tashish hajmidan kelib chiqadi. Toshkent aeroportidagi aerovokzal yirik aerovokzallar jumlasiga kiradi (524-betdagi suratga qarang). Yirik shaharlarda aeroportlardagi aerovokzal ishini yengillashtirish maqsadida aeroport bilan shahar transporti vositasida bogʻlangan shahar aerovokzali quriladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |