Aerodinamik quvur

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aerodinamik quvur — Aerodinamika sohasidagi tekshirish qurilmasi; unda sunʼiy hosil qilingan havo yoki gaz oqimining uchish apparatlariga va b. ob`ektlarga yoki modelning ob`ektlardagi fizikaviy oʻxshash qismlariga taʼsiri oʻrganiladi. Aerodinamik quvurni birinchi marta K. E. Siolkovskiy qurgan. Aerodinamik quvur yordamida havo (yoki gaz)ning qarshilik kuchi, qattiq jism sirtida bosimning taqsimlanishi va b. aniqlanadi. Aerodinamik quvur tajribalari kichraytirilgan modellar, baʼzan esa toʻliq oʻlchamli konstruksiyalar ustida oʻtkaziladi (rasmga q.). Aerodinamik quvurda jism qoʻzgʻalmay turadi (havoga yoki gazga nisbatan harakatlanmaydi), havo (gaz) qoʻzgʻalmas jismga nisbatan harakatlanadi. Aerodinamik quvur quyidagilardan iborat boʻladi: havo (gaz)ni soʻrib oluvchi soplo; havo (gaz)ning kerakli yoʻnalishdagi oqimini vujudga keltiruvchi yoʻnaltiruvchi kuraklar; tekshiriladigan ob`ekt va aerodinamik kuch, momentlar va b. koʻrsatkichlarni oʻlchaydigan datchiklar oʻrnatiladigan ish qismi; ventilyator, kompressor yoki ejektor; havo (gaz)ni atrof muhitga chiqarib yuboradigan diffuzor. Baʼzi Aerodinamik quvurda havo (gaz) oqimini soploga qaytaradigan teskari (yoʻnaltiruvchi kurakli) kanallar boʻladi. Aerodinamik quvur xillari: berk va ochiq oqimli; berk va ochiq ish qismlari boʻlgan; tovush tezligidan past, tovush tezligiga yaqin, tovush tezligidan yuqori va giper (oʻta yuqori) tovush tezligidagi oqimli; davriy va uzluksiz ishlaydigan. Elektr yoy bilan isitiladigan, adiabatik qisiladigan, zarbiy, impulsli Aerodinamik quvurlar ham bor. Aerodinamik quvurda sinash mashinalarning optimal shakllarini aniqlashga va muhandislik inshootlariga shamol taʼsirini oʻrganishga imkon beradi. Aerodinamik quvur tajribalari natijalari avtomobil, poezd, kosmik kemalar, suv osti kemalari va b.ning eng maqbul shaklini topishga, baland imoratlar, minoralar va b.ga shamolning taʼsirini oʻrganishga imkon beradi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil