Kontent qismiga oʻtish

Adʼyunktura

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ad’yunktura — oliy malakali harbiy ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar (fan nomzodi) tayyorlashning asosiy shakli. Oʻzbekistonda uzluksiz taʼlim tizimining tarkibiy qismi. Ad’yunktura Ichki ishlar Akademiyasi, Qurolli kuchlar Akademiyasi, harbiy ilmiy tadqiqot institutlari va oliy oʻquv yurtlarida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Oʻzbekiston Respublikasi IIV) va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (Oʻzbekiston Respublikasi MB) hay’atlarining qarorlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fan va Texnika davlat qoʻmitasi (Oʻzbekiston Respublikasi FTDQ) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi (Oʻzbekiston Respublikasi OAK) bilan kelishilgan holda tegishli mutaxassisliklar boʻyicha ochiladi. Ad’yunktura Oʻzbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi. Ad’yunktura oʻz ishini "Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar mutaxassisliklari roʻyxati"ga muvofiq ravishda fan sohalarining tegishli mutaxassisliklari boʻyicha "Uzluksiz taʼlim tizimida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash toʻgʻrisida"gi Nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIV va Oʻzbekiston Respublikasi MV ga tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlariga asosan olib boradi. Ad’yunkturada oʻqishdan maqsad ilmiy tadqiqot usullarini oʻzlashtirish, tegishli ilmiy sohaga oid bilimlarni egallash va fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlashdir. Ad’yunkturada kirish qoidalari, oʻqish muddatlari, ad’yunktlar tayyorlash usullari aspiranturanikiga oʻxshaydi.[1]

  1. „Adʼyunktura“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (A-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.