Abulabbos Maznaviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abulabbos Maznaviy — roviy.

Toʻliq ismi Abulabbos Fazl ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Abdurahmon Maznaviy boʻlib, aksar manbalarda Abulabbos Maznaviy deb kunyasi bilan keltirilgan. Baʼzilarida esa Fazl ibn Ahmad Maznaviy deb ham keltirilgan. U Samarqand bilan Ishtixon oraligʻidagi qadimiy Maznav qishlogʻida tugʻilgan. Shu bois unga Maznaviy nisbasi berilgan.

Ustozi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abulabbos Maznaviy hadis borasida Ali ibn Hashram va Abu Saʼid Ashajjlardan taʼlim olgan va hadislar rivoyat qilgan.

Shogirdi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻz navbatida, Abulabbos Maznaviydan Muhammad ibn Jaʼfar Kabuznajakasiy va Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Alboʻ Xuzoʻiy Samarqandiy kabi allomalar taʼlim olgan va hadislar rivoyat qilganlar.

Rivoyat qilgan hadis[tahrir | manbasini tahrirlash]

Najmiddin Umar Nasafiyning „Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ kitobida keltirilishicha, Fazl ibn Ahmad Maznaviy quyidagi hadisni Ali ibn Hashramdan rivoyat qilgan: Abdulloh ibn Nofiyʼ raziyallohu anhu bunday deydilar: "Arab qavmlaridan biri butlarga sigʻinishar edi. Bir kuni ular oʻzlariga tegishli butlardan biriga atab qulidan non, yogʻ va sut berib yuborishdi. Qul bu narsalarni but qoshiga olib kelib qoʻydi-da, oʻziga oʻzi: „Biroz kutib, qarab turay-chi, olib kelgan narsalarimga ne boʻlar ekan?!“, — dedi. Soʻng, bir erga oʻtirib kuzata boshladi. Shunda ikki tulki kelib, boyagi non va yogʻni eyishdi, keyin sutni ichib boʻlishgach, butga peshob qilib ketishdi. Buni koʻrgan qul quyidagi baytni aytdi:

"Tangri boshiga siyarmi ikki tulki tik turib?!

Boʻldi rasvo tulkilar ustiga siygan ul firib „.

Keyin u qoʻllari meʼyoridan uzun qilib yasalgan butga qarata yana quyidagi uch satr sheʼrni aytdi:

“Senga men banda emasman, ey qoʻli haddan uzun!

Biz yaralganmiz, bilib qoʻy, sen yaralmasdan burun.

Qoʻydim oʻt tosh koʻksingga bu soʻz ila, yonsin butun!".

Soʻng, qul Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, boʻlgan voqeani soʻzlab berdi. Shunda u unga: „Koʻrganlaringdan odamlarni xabardor qil!“, — deb marhamat qildilar[1]. Manbalarda Abulabbos Maznaviyning tavallud topgan va vafot etgan yili haqidagi maʼlumotlar keltirilmagan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand. — Tehron, 1999. 655; Najmiddin Umar Nasafiy. Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand. — T.: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2001. 214, 215.
  2. Isaev Y., Abbosov A. Ishtixoniy allomalar. Imom Buxoriy xalqaro markazi. 2016. — B. 76.