Abu Usmon Hiriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abu Usmon Hiriy, Saʼd bin Ismoil (910-yilda vafot etgan) – “Nasoyim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf shayxi. Ray shahrida tugʻilib, bir muddat Marvda yashagan. Shoh Shujoʼ Kirmoniy bilan Marvda tanishgach, u bilan Nishopurga keladi va umrining oxirigacha Nishopur shahrining Hiyra mavzeida yashaganligi uchun Hiriy nisbasini olgan. Tasavvuf sirlarini Shoh Shujoʼ Kirmoniy, Yahyo Maʼoz Roziy va Abu Hafs Haddoddan oʻrgangan. Muhammad bin Fazl Balxiyga maktub yozgan. Zakariyo Duluviyya, Talha bin Muhammad Saboh Niliy, Ali bin Bundor bin Husayn Soʻfiy Sayrafiy, Mahfuz bin Mahmud, Abu Jaʼfar bin Ahmad bin Hamdon bin Sinon, Abu Jaʼfar Fargʻoniy, Shayx Abulhusayn Varroq, Abubakr Shabahiy, Abubakr Mufid, Abu Ali Saqafiy, Ibrohim Nozuvayh, Abu Jaʼfar Muhammad bin Ali Nasaviy, Abulhasan Soʻfiy Fushanjiy, Abu Amr Nujayd, Abdulloh bin Muhammad bin Abdurahmon Roziy, Abu Abdulloh Turugʻbadiy uning suhbatidan bahramand boʻlganlar. Abu Usmon Hiriy oz ilm bilan muridlarni ulugʻ manzillarga yetkaza olgani uchun “Muqtadoyi Rabboniy” unvoni bilan ham eslanadi. Futuvvat va javonmardlik bobida bayon etgan fikrlari alohida ahamiyatga ega. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”ga “Nafahot ul-uns”dan ushbu shayx bilan bogʻliq bobni aynan kiritgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at". "Sharq" NMAK, 2016.