Kontent qismiga oʻtish

Abu Said Bahodir

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abu Said Bahodir (1305–1335-yillar) – Hulokuiylar davlati hukmdori (1316–1335). Oʻljoytuxonnit oʻgʻli. 1313-yil Xuroson noibi etib tayinlanib, yoshligi sababli uni otaliq yordamida idora etgan. 1316-yil otasi vafot etgach, Hulokuiylar davlati taxtiga oʻtirgan boʻlsada, davlatni uning nomidan amir Choban boshqarib turgan (1327-yilgacha). Abu Said Bahodir davrida Misrga qarshi uzoq vaqt olib borilgan urush pirovardida oʻzaro sulh bilan yakunlangan, Oltin Oʻrda va Chigʻatoy ulusidan qilingan hujumlar qaytarilgan, Kichik Osiyoda moʻgʻullar hukmronligi yanada mustahkamlangan. Abu Said otasi Oʻljoytuxon zamonida davlat dini dara-jasiga koʻtarilgan shialik taʼlimotiga chek qoʻyib, oʻz tangalarida yana choryorlar (toʻrt xalifa – Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali) nomini zarb qildirgan.[1]

  1. „Abu Said Bahodir“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (A-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.