Abu Hafs Bujayriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abu Hafs Bujayriy (arabcha: أبو حفص البجيري — Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Xushufagʻoniy Samarqandiy Bujayriy) — Muhaddis, roviy va mufassir.

Abu Hafs Bujayriy 838 yili Samarqandning Soʻgʻd muzofotidagi Ishtixon shahriga qarashli Xushufagʻon qishlogʻida ziyolilar oilasida tavallud topgan[1]

Bolaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafs Bujayriyning bolalik va yoshlik davri tugʻilib oʻsgan ona qishlogʻi Xushufagʻonda oʻtgan. U dastlabki taʼlimni otasi Abu Umar Bujayrdan olgan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafs Bujayriy koʻp hadis yod bilgani, ularni oʻga boʻlgan shijoati va taqvosi sababli „hofiz“, „taqvodor muhaddis“, „imomul kabir“ „shayx“ kabi sharafli nomlarga sazovor boʻlgan. Zahabiy: „Abu Hafs Bujayriy zamonasining tengi yoʻq allomasi edi. Men u zotdan oltmish mingdan ortiq hadis tinglaganman“ deb aytgan[2]. Imom Buxoriyning „Sahih“ toʻplamiga yozilgan eng moʻʼtabar sharhlardan biri boʻlgan Ibn Hajar Asqaloniyning „Fathul boriy“ („Ijodkorning ochib bergan sharhi“) kitobining Muqaddimasida bunday keltiriladi: Abu Hafs Bujayriy: "Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: Men „Jomeʼus sahih“ kitobimni Masjidul Haramda tasnif qildim. Bu kitobdagi har bir hadisni Alloh taolodan yaxshilik soʻrab, ikki rakat namoz oʻqib, uning sahihligiga ishonch hosil qilganimdan keyin kiritdim", deb aytayotganini eshitdim", deydi[3]. Abdulkarim Samʼoniyning „Ansob“ nomli kitobida keltirilishicha, bir kuni Abu Hafs Umar ibn Muhammad Soʻgʻdiy Xushufagʻon qishlogʻidagi hovlisida katta daraxt ostida doʻstlar davrasida suhbat qurib oʻtirib, doʻstlariga bunday deb soʻz qotibdi: — Sizlar dunyoning eng koʻrkam va eng xushmanzara joyida oʻtiribsizlar. — Nima uchun? — deb soʻrabdi doʻstlari. Shunda Abu Hafs Bujayriy: Chunki dunyoda Samarqandning Soʻgʻdi kabi koʻrkam, xushmanzara, bahavo joy topilmaydi. Soʻgʻdda Xushufagʻonga teng keladigan joy yoʻq. Xushufagʻonda mening bu bogʻimdan obodroq joy, bogʻimda esa bu daraxtning soyasiga teng keladigan sersoya va salqin joyning oʻzi yoʻq, — deb javob bergan ekan[4].

Ilmiy safarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafs Bujayriy ilm oʻrganish shijoati va Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadislarni eshitish, oʻrganishga qiziqishi sababli oʻsha davrda ilm-fan oʻchogʻi boʻlgan Xuroson, Basra, Kufa, Shom, Misr, Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarga ilmiy safarlar qilgan.

Ustozlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hofiz Abu Hafs Bujayriy taʼlim olish va hadis jamlash niyatida Damashq shahriga borib, u yerda Ahmad ibn Abdulvohid ibn Uʼbud, Abu Omir Muso ibn Omir Mariy, Hishom ibn Xolid, Muhammad ibn Hoshim Baʼlabakkiy, Sulaymon Hamsiy, Ayub ibn Ali ibn Haysam Kanoniy kabi koʻplab taniqli olimlardan taʼlim olgan va hadislar tinglagan"[5]. Abu Hafs Bujayriy hadis boʻyicha asosiy taʼlimni Abu Mahmud Muhammad ibn Muoviya Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiy, Iso ibn Hammod Zugʻba Misriy, Ishoq ibn Shohin Vositiy, Abu Soib Silm ibn Jannoda Kufiy, Abd ibn Humayd Keshiy va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy kabi koʻplab mashhur muhaddis olimlardan tahsil olgan[6].

Shogirdlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafs Bujayriy hadis oʻrganish va toʻplash bilan birga, koʻplab shogirdlar ham etishtirgan. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiyning „Takmilatul ikmol“ kitobida Muhammad ibn Sobir Buxoriy, Abu Nazr Muhammad ibn Bakr Dehqon Samarqandiy, Muhammad ibn Ahmad ibn Imron Shoshiy, Muʼtamar ibn Jibril Karminiy, Aʼyun ibn Jaʼfar Samarqandiy, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ali Muaddab Shoshiy va Iso ibn Muso Koshoniy kabi oʻz zamonasining mashhur muhaddis va roviylari Abu Hafs Bujayriydan hadis tinglagani va undan rivoyat qilgani qayd etilgan[5:327]. Bundan tashqari, Abu Hafs Bujayriydan uning oʻgʻli Abulhasan Muhammad ibn Umar, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy, Abu Yahyo Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Ishoq ibn Hozim Samarqandiy, Muhammad ibn Hotam Koshoniy, Abulfazl Ahmad ibn Ismoil ibn Yahyo ibn Hozim Azdiy Samarqandiy va Ali ibn Bindor Sayrafiy kabi olimlar ham tahsil olgan va hadis rivoyat qilgan[7].

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafs Bujayriy 923 yili vafot etgan[8].

Ilmiy merosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Hafs Bujayriy ilm-fan hamjamiyatiga etuk allomalarni etkazib berish bilan kifoyalanib qolmasdan, oʻzining boy ilmiy ijodi bilan ham ulkan hissa qoʻshgan. Hadis va tafsir ilmi sohasida bir qancha asarlar yaratgan. Uning „Jomeʼus sahih“ („Ishonchli toʻplam“), „Tafsir“ va „Kitobus safina“ („Kema kitobi“) nomli kitoblar tasnif etgan.[9]. Uning „Jomeʼul musnad“ va „Tafsir“ asarlarining qoʻlyozma nusxasi hozirgi kunda Damashq shahridagi Zohiriya kutubxonasida 1067-raqam ostida saqlanmoqda"[11:60]. Mazkur asarning elektron nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi elektron bazasida ham mavjud. U 124 varaqdan iborat boʻlib, „Jomeʼul musnad“ning oʻttizinchi — „Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning betobliklari va vafotlari“ bobini va „Tafsir“ kitobining avvalgi qismini oʻz ichiga olgan. Afsuski „Kitobus safina“ bizning davrimizgacha etib kelmagan. Abdulloh Abdulhamid Saʼdning „Oʻrta Osiyo olimlari qomusi“ kitobida bunday keltiriladi: "Abu Hafs Bujayriydan uning Ahmad ismli nabirasi „Tafsir“, „Jomeʼus sahih“ („Ishonchli toʻplam“) va „Kitobus safina“ („Kema kitobi“) kitoblarini oʻqib oʻrgangan. Ushbu kitoblarni Abu Hafsning oʻzi yozgan"[10].

Rivoyat qilgan hadis[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Jomeʼul musnad“dagi birinchi hadis: Ummi Fazldan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eng oxirgi eshitgan narsam U zotning shom nomozida „Mursalat“ surasini oʻqiganlari boʻldi".

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J. 2. — Bayrut, 1979.374; Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy, Takmilatul ikmol. J. 3.- Makka. Jomeʼa ummul quro, 1410/1990.327; Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002.60.
  2. Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002.60
  3. Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. J. 2. — Misr. Miriy Kubro matbaasi. Muqaddimasi, 1301/1884.490
  4. Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. J. 8. — Bayrut, 1998. 70
  5. Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofeʼ. Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil. J. 45. J. 69. — Bayrut, 1995.320
  6. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy, Takmilatul ikmol. J. 3.- Makka. Jomeʼa ummul quro, 1410/1990.327.; Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. J. 2. — Misr. Miriy Kubro matbaasi. Muqaddimasi, 1301/1884.490
  7. Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofeʼ. Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil. J. 45. J. 69. — Bayrut, 1995.37
  8. Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. J. 8. — Bayrut, 1998.162.; Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. — T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007.54
  9. Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Tazkiratul huffoz. J. 2. — Bayrut, 1998. 206.; Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002. 60.; Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. J. 8. — Bayrut, 1998. 370.; Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. — T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. 145
  10. Isaev Y., Abbosov A. Ishtixoniy allomalar. Imom Buxoriy xalqaro markazi. 2016. 50.; bukhari.uz.