Abr (obraz)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abr (forscha) — bulut. Alisher Navoiy ijodida abr bilan bog‘liq juda ko‘p iboralar uchraydi[1]:

  • Abri balo — balo buluti, ofatli bulut;
  • Abri bahor — bahor buluti, ko‘klam buluti;
  • Abri bahoriy — bahorgi bulut, ser­yog‘in bulut;
  • Abri guharbor — gavhar yog‘diruvchi bulut; (majoziy) saxovatli, qo‘li ochiq kishi;
  • Abri guharsanj - gavhar yog‘diruvchi bulut;
  • Abri ehson — (majoziy) karam va saxovatda mardonalik, lutfu karam bilan to‘kin-sochin qiluvchi;
  • Abri kofurbez — qor yog‘diruvchi bulut;
  • Abri karam — saxovat, ikrom buluti;
  • Abri mutir — seryog‘in bulut;
  • Abri navbahor — erta bahordagi seryog‘in bulut;
  • Abri nayson — aprel oyidagi seryog‘in bulut;
  • Abri purbor — qalin, seryog‘in bulut;
  • Abri hasrat — (majoziy) armon, qayg‘u va hasratni ko‘paytiruvchi hodisa.
  • Abri rahmat — rahmat va baraka yomg‘irini keltiradigan bulut;
  • Abri qiyrmonand — qora bulut

Abr irfoniy ramz shaklida banda va Iloh o‘rtasidagi hijob — parda. Bu shunday pardaki, istidlol va ijtihod orqali Mutlaq Haqiqatga yetishish imkonini beradi. Shuningdek, abr ilohiy fayz timsoli sifatida ham qo‘llanilgan.

Yuzung g‘amida erur abri navbahor ko‘z­um,

Ne ayb, yer yuzini qilsa lolazor ko‘zum.

(„G‘aroyib us-sig‘ar“, 434-g‘azal)[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at". "Sharq" NMAK, 2016. 
  2. Alisher Navoiy. "G'aroyib us-sig'ar".