Kontent qismiga oʻtish

7-Zip

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
7-Zip

7-Zip interfeysi
MuallifIgor Viktorovich Pavlov
Chiqarilgan sana18.07.1999[1]
Operatsion tizimWindows, Linux
Yozilgan til(lar)ikoʻp tilli (oʻzbek tili ham bor)
Statusfaol
LitsenziyaGNU LGPL
Vebsayt:7-zip.org
Dasturlash tili:C++ va C
Interfeys(lar):grafik, buyruqlar satri

7-Zip — bepul va yuqori darajada fayllarni siquvchi arxivlovchi (arxivator) dasturiy taʼminotidir. Unda bir nechta siqish algoritmlarini va koʻplab formatlar, jumladan yuqori samarali LZMA siqish algoritmiga ega 7z formati mavjud. Dasturiy taʼminot 1999-yildan beri ishlab chiqilmoqda. U bepul va ochiq manbali dasturiy taʼminot sanalib, uning aksariyat qismi (UnRAR ajratkich kodidan tashqari) GNU LGPL litsenziya shartlari boʻyicha erkin tarqatiladi. Dasturiy taʼminot Windows (shu jumladan Windows CE) operatsion tizimi uchun ishlab chiqilgan boʻlib, unda dasturning ikkita versiyasi, yaʼni grafik interfeysli (GUI) hamda buyruqlar satri (command line) mavjud. Konsol versiyasi dasturchilar hamjamiyati tomonidan p7zip umumiy nomi ostida POSIX tizim standartiga moslangan[2]. Boshqa tizimlar uchun moslangan versiyalar, shuningdek, original 7-Zip dasturi SourceForge tizimi veb saytida mavjud (2017-yil 5-sentyabr holatiga koʻra dastur saytdan 412 million martadan koʻproq yuklab olingan)[3]. 7-Zip „Eng yaxshi loyiha“ va „Eng yaxshi texnik dizayn“ nominatsiyalari boʻyicha 2007-yilda SourceForge.net Community Choice mukofotini qoʻlga kiritgan[4].

Dasturiy taʼminotning xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Quyidagi algoritmlarni qoʻllaydi: LZMA, LZMA2, PPMd, Bzip2, Deflate hamda Deflate64;
  • Qoʻllab-quvvatlovchi formatlari:
    • 7z, BZIP2 (BZ2, TB2, TBZ, TBZ2), GZIP (GZ, TGZ), TAR, ZIP (JAR), XZ, WIM kabi fayl formatlarini arxivlaydi va ularni arxivdan chiqaradi;
    • ARJ, CAB, CHM, CPIO, CramFS, DEB, DMG, FAT, HFS, MBR, ISO, LZH (LHA), LZMA, MSI, NSIS, NTFS, RAR, RPM, SquashFS, UDF, VHD, XAR, Z (TAR) fayl formatlarini faqat arxivdan chiqaradi.
  • Takomillashtirilgan Lempel-Ziv algoritmi tufayli 7z formatida juda yuqori darajada siqish nisbatini koʻrsatadi;
  • ZIP va GZIP formatlari uchun siqish nisbati PKZIP va WinZipga qaraganda 2-10% yuqori;
  • 7z formati uchun avtomatik arxivdan chiqaruvchi (SFX) mavjud;
  • 7z formati uchun koʻp boʻlakli arxivlarni (avtomatik arxivdan chiqaruvchilardan tashqari) tuzish imkoniyati;
  • 7z va ZIP formatlari uchun AES-256 shifrlash imkoniyati.
  • Windows Windows NT qobigʻi (shell)ga moslashgan;
  • FAR Manager, Total Commander va Unreal Commander uchun plagini mavjud;
  • Dasturiy taʼminot ichida samaradorlikni tekshirish ilovasi bor;
  • Ikki darchali fayllar boshqaruvi xususiyatlariga ega koʻp tilli GUI (faqat Windows tizimida) mavjud;
  • Mukammal buyruqlar satriga ega;
  • 64-bitli Windows operatsion tizimi uchun maxsus versiyasi bor;
  • Fayl nomlari uchun Unicode kodlashni qoʻllab-quvvatlaydi.

7-Zip arxivdagi fayllar tartibini nazorat qilmaydi. Buyruqlar satrida ham fayl nomlarining tartibi eʼtiborga olinmaydi. Shuning uchun, 7-Zip fayl nomlarining tartibi muhim boʻlgan hollarda qoʻllanilmaydi.

Maʼlumotlarni siqish darajasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siqish darajasi siqilgan maʼlumotlarning xususiyatiga bogʻliq boʻlib, odatda, 7z formati ZIP formatiga qaraganda 4-25% ga koʻproq maʼlumotlarni siqadi.

MaximumCompression.com saytining yakuniy reytingida 7-Zip v9.25a arxivatori siqish darajasi bo‘yicha WinRAR v4.1 beta 3 (3,6 foizga) va WinZip v14 (4,2 foiz)dan o‘zib ketgan holda 24-o‘rinni egallagan. Reyting yetakchilari — PAQ8PX hamda WinRK mos ravishda 28% va 24% siqish boʻyicha 7-Zip-dan ustundir, lekin jarayon uzoq davom etadi[5].

Muallif haqida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dasturiy taʼminotning muallifi rus dasturchisi, texnika fanlari nomzodi Igor Viktorovich Pavlov[6] hisoblanib, muallif Ufa davlat aviatsiya-texnika universitetining Informatika va robototexnika fakulteti Informatika kafedrasini aspirantura bosqichini tamomlagan[7]. 7-Zip algoritmlarida qoʻllaniladigan asosiy gʻoyalar uning nomzodlik dissertatsiyasida oʻz aksini topgan[8].