Vergulsimon qalqondorlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vergulsimon qalqondorlar — teng qanotlilar turkumi qalqondorlar oilasiga mansub hasharotlarning bir necha turi, tanasining qalqoni vergulsimon egilganligi uchun shunday nom berilgan. Oʻrta Osiyo V. q. (Lepido-saphes mesasiatica) tanasi sargʻish-malla, uz. 3,5—4,7 mm. Keng maʼnoda polifag , Oʻrta Osiyo endemigi. Lichinkasi va urgʻochisi terak, tol, naʼmatak, katalpa, shuningdek olma, nok va b. mevali daraxtlarda oziqlanadi va koʻpayadi. Yil davomida 2 nasli rivojlanadi, tuxumi daraxtlarning tanasi va butoqlarida qalqon ostida qishlaydi. Erkin yashovchi nasli may oyi boshlarida paydo boʻladi va oʻsimliklarga yopishib olib, umrini oxirigacha bu joyni tark etmaydi. Olma vergulsimon qalqondori (Lepidosaphes ulmi) oldingi turga nisbatan oqishroq rangda, tanasi kichikroq (2,5—3,0 mm), mevali daraxtlar (olma, nok, behi, shaftoli, olxoʻri, oʻrik, gilos va b.) ga ziyon keltiradi. Yil davomida bitta nasli rivojlanadi. V. q. ga qarshi kurashish uchun kuzda, erta koʻklamda daraxtlar barg yozmasdan oldin 8% li mineral moy emulsiyasi purkaladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil