Taqlid soʻzlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Taqlid soʻzlar - maʼno va shakliy xususiyatlariga koʻra, alohida guruhni tashkil qiluvchi, kishilar, hayvonlar va boshqa jonli, jonsiz narsalarning tovushini, harakat-holat obrazini taqlidan ifodalovchi soʻzlar. Taqlid soʻzlarning baʼzilari tovushga taqlidni bildiradi, baʼzilari esa harakat-holat va hodisa obraziga taqlidni koʻrsatadi. Shunga koʻra taqlid soʻzlarning 2 turi farqlanadi: tovushga taqlidni bildiradigan soʻzlar (shuningdek onomatopeya deb ham ataladi); obraz (tasvir)ga taqlidni bildiradigan soʻzlar. Tovushga taqlid soʻzlar eshitish bilan, obrazga taqlid soʻzlar koʻrish bilan aloqadordir, yaʼni tovushga taqlid soʻzlar ifodalagan tovushni faqat eshitish mumkin (qars-qurs, taq, duk-duk, gʻiyq, miyov kabi); obrazga taqlid soʻzlar ifodalagan holat, harakatni faqat koʻrish mumkin (jivir-jivir, lip-lip, yalt-yult, hang-mang kabi).