Sveyg Stefan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sveyg Stefan (1881.28.11, Vena -1942.22.2, Petropolis, Rio-de-Janeyro yaqinida) - avstriyalik yozuvchi. Vena va Berlin universitetlarida oʻqigan. 1-jaxrn urushi yillarida Avstriya harbiy vazirligi arxivida xizmat qilgan va urushga qarshi maqolalar yozgan. Dastlab Zaltsburgda, keyin London (1934-yildan), Nyu-York (1940-yildan), Petropolisda yashagan. "Kumush torlar" (1901) sheʼriy va "Erika Evald muhabbati" (1904) nasriy toʻplamlarida fransuz simvolistlari taʼsiri seziladi. "Ilk kechinmalar" (1911), "Amok" (1922), "Tuygʻular toʻlqini" (1927) hikoyalar toʻplamlarida S. inson ruhiyatining sirli tomonlarini, shaxsiy hayotining ziddiyatli manzaralarini tasvirlashga uringan. "Mendel nodir kitoblar sotuvchisi" (1929), "Yangi ixtisoslik bilan dafʼatan tanishuv" (1936) kabi qikoyalari bor. S. ijodida biografik roman, esse va ocherklar, ayniqsa, katta badiiy qimmatga ega. Uning L.N.Tolstoy, A. Stendal, 3. Freyd, F. Nitsshe va boshqalarga bagʻishlangan biografik asarlarida davr ruhi, ijodning shirin va azobli daqiqalari, tasvir etilgan ijodkorning ruhiy va maʼnaviy olami yorqin mujassamlantirilgan. S.ning "Jahon bunyodkorlari" (1920—28) turkumiga kirgan esselari orasida F.M. Dostoyevskiy, Ch. Dikkens, R. Rollan va boshqa yozuvchilarga bagʻishlanganlari alohida eʼtiborga sazovor, "Balzak" (1946) asari jahon adabiyotidagi biografik roman janrining eng yaxshi namunalaridan.

Siyosat, S. nazarida, gʻirrom oʻyindan iborat. Shuning uchun u oʻz ijodida davrning siyosiy masalalarini chetlab oʻtib, siyosiy oʻyinlar tegirmoniga tushib qolgan ojiz kishilarga xayrixohlik bilan qaragan ("Mariya Antuanetta", 1932; "Mariya Styuart", 1935). S. garchand mashhur tarixiy siymolar haqida "Magellan" (1938) va "Amerigo" (1942) singari romanlar yaratgan boʻlsa ham, u, birinchi navbatda, 19—20-asrlarda yashagan I. V. Gyote, T. Mann, B. Shou kabi siymolar haqidagi badiiylashgan asarlari bilan jaxrn adabiyotida biografik roman, esse va ocherk janrlarining shakllanishiga muhim hissa qoʻshdi. "Nomaʼlum ayol maktubi" hikoyasi, "Kuygan koʻngil faryodi" hikoyalar toʻplami oʻzbek tiliga tarjima kilingan.