Sunʼiy tillar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sunʼiy tillar — muayyan maqsadni koʻzlab yaratiladigan va tabiiy tillarning oʻrinbosari sifatida qoʻllanadigan tillar. S.t. maxsuslashuvi moʻljaliga qarab, shuningdek, tabiiy tillar bilan oʻxshashlik darajasiga koʻra farqlanadi: xalqaro yordamchi tillar, matematik yordamchi tillar, informatsion tillar. Xalqaro yordamchi tillar tabiiy tillar bilan yuqori darajada oʻxshash boʻlgan, umumisteʼmolga moʻljallangan, maxsuslashmagan tillardir. Xalqaro muomala vositasi sifatida S.t. yaratish gʻoyasi fransuz olimi R. Dekart va nemis olimi G.Leybnitsga tegishlidir. Bular tushunchalarning mantiqiy tasnifiga tayanuvchi ratsional til loyihalari boʻlgan. 17—20-a.larda bunday tillarning 1000 ga yaqin loyihasi yaratilgan boʻlsada, ularning ayrimlarigina (volapyuk, esperanto, ido, interlingva) amalda qoʻllangan. S.t. aprior (tabiiy tillarga bogʻliq boʻlmagan), aposterior (tabiiy tillarning matyorialini oʻzlashtirgan) va aprioraposterior (aralash) tillarga boʻlinadi. Xalqaro muomalaga kirgan dastlabki S.t. volapyuk (ing . world va speak soʻzlarining fonetik oʻzgarishidan: volapiik — "jahon tili") aralash S.t. boʻlib, 1879 y.da Germaniyada I.M. Shleyxer tomonidan yaratilgan. Aposterior S.t. dan esperanto 1887 y.da Polshada varshavalik vrach L.L.Zamengof tomonidan yaratilgan. Ido, interlingva, oksidental ham aposterior S.t. larga mansubdir, yaʼni ularning yaratilishida baynalmilal leksikadan unumli foydalanilgan.

Matematik yordamchi tillar, boshqacha aytganda, turli moʻljaldagi maxsus St., asosan, mat. mantiq, lingvistika, kimyo, fizika va b. fanlarning ramziy (ramzlarga asoslangan) tillaridir. Bunday tillarning yaratilishi ham oʻz tarixiy bosqichlariga ega: matematik ifodalardagi harfiy ramzlar Yevropada 16-a.dan qoʻllangan; matematik mantiq tili 19—20-a.larda, tilshunoslikning ramziy til unsurlari oʻtgan asrning 20— 40y.larida paydo boʻlgan.

Informatsion tillar, yaʼni insonmashina muomalasiga asoslangan tillar oʻtgan asrning 40y.larida, EHMning paydo boʻlishi bilan bir davrda shakllana va rivojlana boshlagan (q. [[Informatsion tillar).

Baʼzan "S.t." termini shakllanishi va rivojlanishiga insonning ongli taʼsiri yuqori darajada boʻlgan tabiiy tillarning kichik tizimlariga nisbatan ham qoʻllanadi. Mac, laxja va shevalarga nisbatan adabiy tillar, umumxalq tiliga nisbatan xunarmandlar va maxsus guruhlar tillari S.t. hisoblanadi.

S.t. ni har ikki maʼnoda oʻrganish tilning sistemaviylik, kommunikativlik, yaroqlilik, barqarorlik va oʻzgaruvchanlik kabi xususiyatlari haqidagi, shuningdek, insonning tilga ongli taʼsiri chegaralari haqidagi nazariy tasavvurlarni kengaytiradi. Abduvahob Madvaliyev.