Sodiqboy Xoldorboyev madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Sodiqboy Xoldorboyev madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Fargʻona viloyati
Shahar Margʻilon
Maktab yoʻnalishi sunniy
Madrasa turi O'rta hajmda
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Sodiqboy Xoldorboyev
Asosiy sana:
Qurilish materiali Pishgan g'isht

Sodiqboy Xoldorboyev madrasasi — Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida qurilgan madrasa.

Sodiqboy Xoldorboyev madrasasi 1845-yil (hijriy 1262-yil) Margʻilon shahri Bog‘ishamol mahallasida qurilgan. Qurdirgan shaxs Sodiqboy Xoldorboyev. Madrasani o‘z nomi bilan atagan. Baʼzi manbalarda Chuqur madrasa deb ham nomlanadi[1]. Madrasa mudarrisi Ahmad Ali Mahdum boʻlgan. Madrasa faoliyat yuritishi uchun Sodiqboy unga Shahrixon qishlog‘idagi Boʻston arig‘idan sugʻoriladigan yerdan taxminan 180 tanobni vaqf qilib bergan. Madrasa foydasiga uning janub tomonidagi 12 doʻkon ham vaqf qilingan. Yana bir ma‘lumotlarga qaraganda, Eski Margʻilon shahridagi Sodiqboy Xoldorboyev madrasasining Margʻilon uyezdi Segaza volostining Do‘rman qishloq jamoasi Kirbosh Xidir Sho dahasida 31 desyatina 1340 sarjindan iborat bitta yer uchastkasi bo‘lgan[2].

Sodiqboy Xoldorboyev o‘z nomidagi madrasaga vaqf mulki ehson qilish toʻgʻrisida mahalliy qoziga vaqfnoma tuzdirgan. Vaqfnomaga qozilar va Xudoyorxonning hijriy 1262-yildagi muhri bilan tasdiqlangan. Vaqfnoma shartiga asosan ehson qilivchining o‘g‘li Muhammadrizo mutavalli qilib tayinlangan. Uning vafotidan keyin avlodidan eng munosibi tayinlanishi shart boʻlgan. Vaqf daromadi dastavval madrasani ta‘mirlashga, so‘ngra, 1/10 qismi mutavalli foydasiga ajratilib qolgani 4 qismga bo‘lingan. Uning bir qismi mudarrisga va 3 qismi madrasa talabalariga to‘lab berilishi shart bo‘lgan. Madrasa mutavallisi vaqf mulkini chorakorlarga ijaraga bergan. Daromaddan vaqfnoma shartlariga ko‘ra foydalangan. Mutavalli vaqf yerlaridan tushgan daromaddan har yili masjid va madraani taʼmirlagan. Bundan tashqari, mudarris, muazzin, imom va boshqa xizmatchilarga, moyana, talabalarga nafaqa bergan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Раҳматуллоҳ Файзуллаев, Нодиржон Абдулаҳатов. Хожажон Қози Рожий Марғиноний. Тошкент Ношир 2016 — 149 bet. 
  2. Ibrohimjon Alimov. Qo'qon xonligi madrasa va maktablari tarixi. Toshkent "Fan" nashriyoti, 2017-yil — 102 bet. ISBN 978-9943-19-405-2.