Sayyid Battol Gʻoziy ziyoratgohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sayyid Battol Gʻoziy ziyoratgohi
Joylashuv Uchkoʻprik tumani, Fargʻona viloyati
Turi Qabriston
Xarita

Sayyid Battol Gʻoziy (Shahid buva) ziyoratgohi — Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida joylashgan qabriston[1]. Xalq orasida Shahid buva deb nom olgan ziyoratgoh toʻgʻrisida bir qancha rivoyat va afsonalar mavjud. Rivoyatlardan birida keltirilishicha, Sayyid Battol Gʻoziy ismli paxlavon, yosh yigit musulmonchilik yoʻlida matonatli kurashlar olib boribdi. Yigit Qoʻrgʻonchaning sohilga tutash joyiga kelib, bir lahza orom olishga tutinibdi-yu, uyquga ketibdi. Dushmanlar uni izlab kelayotganidan xabar topgan hukmdorning kichik xotini olma kattaligidagi kesakni otib, mehri tushgan paxlavonni ogohlantiribdi. Shunda gʻalati voqea sodir boʻlibdi. Yigit bir seskanib uygʻonibdi-yu koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Keyin odamlar bu joyni aziz tutib, Tangri suygan pahlavonga ramziy qabr koʻtargan ekanlar. Tarixda Sayyid Battol Gʻoziy laqabi bilan shuhrat qozongan Sayid Jaʼfar ibn Sayid Husayn 739-yilda Vizantiya imperiyasiga qarshi kurashda shahid boʻlib, Rum yerlarida dafn qilingan. Biroq, uning ismi bilan bogʻliq bir nechta ziyoratgohlar Markaziy Osiyoda, shuningdek, Fargʻona vodiysida ham mavjud. Buning sababi, Sayyid Battol Gʻoziy ismi oʻrta asrlarda islom olamida juda mashhur boʻlgan. Rivoyatlarga koʻra, u hiyla bilan Vizantiya imperatoridan Konstantinopol (hozirgi Istanbul)ning yarmini tortib olgan. Sayyid Battol Gʻoziyning hozirgi vaqtdagi qabri Turkiyaning Eski shahrida joylashgan. Turkiyadagi ziyoratgohga XX asrning boshlarida ham Markaziy Osiyodan ziyoratchilar borib turgan[2].

VIII asrning birinchi yarmida Fargʻona vodiysi arab qoʻshinlari tomonidan bosib olingach, yuz bergan voqealar silsilasida mashhur Islom dini targʻibotchilarining nomi, jumladan, Hazrat Ali avlodlarining obroʻ-eʼtiboridan foydalanish tufayli ular bilan bogʻlik ziyoratgohlar paydo boʻlganligi ehtimoli ham bor. Keyinchalik bu holat xalq ogʻzaki ijodida xam, tarixiy dostonlarda ham aks etgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]