Sanchiq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sanchiq — qorin boʻshligʻi aʼzolari kasallanganda toʻsatdan paydo boʻladigan ogʻriq xuruji. Bunda shu aʼzolar muskullari uzok, vaqt qisqarishi natijasida qisilish vujudga kelib, kuchli ogʻriq kuzatiladi. Ichak, jigar, meʼda osti bezi, buyrak S.lari farq qilinadi.

Koʻproq ichak sanchigʻi uchraydi. Badhazm ovqatlarni koʻp isteʼmol qilish, ichki aʼzolardagi yalligʻlanish jarayonlari, operatsiyalardan keyin hosil boʻlgan chandiq, gijjalar boʻlishi, ichakda achish va bijgʻish jarayonlarining kuchayib, yel toʻplanishidan paydo boʻladi. Koʻrichakning chuvalchangsimon oʻsimtasiga xos soha va toʻgʻri ichak sanchigʻi tafovut qilinadi. Oʻsimtaga xos soha sanchigʻida qorinning pastki va oʻng tomonida kuchli ogʻriq boʻladi; toʻgʻri ichak sanchigʻida teztez takrorlanib turuvchi ogʻriq, ich kelishiga soxta moyillik kuzatiladi. Ichak sanchigʻi koʻngil aynishi, qusish, qorinning dam boʻlishi va devorining taranglanishi, toʻlgʻoqsimon ogʻriq bilan kechadi.

Jigar sanchigʻida ogʻriq qovurgʻa osti sohasida paydo boʻlib, qorinning yuqori qismiga, oʻng kurak suyagi ostiga tarqaladi. Ogʻriq xurujlari ogʻiz qaqrashi va achchiq taxir maza sezilishi, koʻngil aynishi, qusish, gavda temperaturasining koʻtarilishi bilan oʻtadi. Bu — bir necha minutdan bir necha soatgacha davom etishi mumkin (qarang Oʻttosh kasalligi).

Meʼda osti bezi sanchigʻida bel ogʻrib, orqaga ham tarqaladi (qarang Pankreatit). Buyrak sanchigʻida qorin va bel sohasida kuchli ogʻriq paydo boʻlib, chov va jinsiy aʼzolarga tarqaladi, bemorning teztez siygisi qistab, siyganida achishib ogʻriydi. Ogʻriq kuchliligidan bemor "oʻzini qoʻygani joy topolmay qoladi". Bu xurujlar koʻpincha ogʻir jismoniy ish qilgandan keyin, transportdagi silkinish, chayqalishdan soʻng kuzatilishi mumkin.

Kuchli ogʻriq xurujlari vaqtida vrach chaqirish, u kelguncha ogʻriq qoldiruvchi dorilar ichirmaslik, issiq qilmaslik lozim.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil