Salomalaykum

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Salomalaykum (Cyperus rotundus L.) — hiloldoshlarga mansub ildizpoyali koʻp yillik begona oʻt. Poyasi ingichka, uch qirrali, yalangʻoch, boʻyi 15— 50 sm. Barglari yassi, kulrang , eni 5 mm gacha. Gullari soyabonsimon, toʻpgulga yigʻilgan. Mevasi uch qirrali yongʻoqcha (uz. 1,5—1,8 mm). Ildizpoyalaridan koʻplab tuganakli novdalar chiqadi. Oʻsimlik urugʻidan va ingichka ildizpoyalaridan koʻpayadi. Yosh oʻsimlikning poya asosida birlamchi ildizpoya rivojlanadi, ildizpoya uchida esa tuganak hosil boʻladi, undan yangi ildizpoyalar yon atrofga yoyilib ketadi va ularda tuganaklar hosil boʻladi. Bulardan yangi novdalar oʻsib chiqadi. Har bir oʻsimlik tuproq sharoitiga qarab yon, qoʻshimcha ildizpoyalar hosil qiladi, ulardan ham yer ustiga yangi poyalar oʻsib chiqadi. Iddizpoyasi kraxmalga boy, tarkibida 0,5— 1% gacha efir moylari bor. Iddizpoyasidan tayyorlangan damlama xalq tabobatida terlatuvchi va siydik haydovchi dori sifatida ishlatiladi. S. Oʻzbekistonning barcha sugʻoriladigan hududlarida sabzavot va b. ekinlari orasida begona oʻt sifatida koʻp uchraydi.

Kurash choralari: kuzda yerni chuqur haydash, ekin ekishdan oldin begona oʻt ildizpoyalarini yigʻishtirib olish, chuqur kultivatsiya oʻtkazish.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil