Qozilar sudi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qozilar sudi — islom paydo boʻlgan davrdan musulmon mamlakatlaridagi ayblovchi va ijro etuvchi asosiy davlat organi. Ularga xalifalar va hukmdorlarning noibi hisoblanadigan qozilar boshchilik qilgan. Qozilar turli daʼvo va janjallarni shariattya asoslanib hal qilganlar. Hozir ham bir qancha islom davlatlari (Saudiya Arabistoni, Yaman, Iroq, Eron, Pokiston va boshqalar)da Qozilar sudi oʻzining asosiy vazifalarini saqlab qolgan.

Urta Osiyo hududidagi xonliklarda har bir dahada Qozilar sudi boʻlgan. Ularda ish qoʻzgʻatish va dastlabki tergov bosqichlari yoʻq edi. Chunki hozirgi koʻrinishdagi tergov, prokuratura va advokatura organlarining oʻzi boʻlmagan. 1920-yil Buxoro va Xorazmda Qozilar sudi tugatildi. Yangi xalq sudlari tashkil etildi. Sovet xalq sudlari Buxoro va Xorazmning rus aholisi joylashgan hududida faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, mahalliy xalq uchun shariatga asoslangan qozi xalq sudlari ish olib borgan. 1924-yil 5 yanvardagi "Sud qurilishi toʻgʻrisidagi nizom" BXSRda amalda boʻlgan sud tizimini qayta tuzdi va Qozilar sudida xalq maslahatchilari qatnashishini joriy etdi, bu bilan kollegial sud tizimini yoʻlga qoʻydi.

Tub musulmon aholi uchun sud ishidagi bu islohot natijasida sudning shakli oʻzgardi, endi yakkaboshchilik sudi kollegial sudga aylandi. Xalq sudida sudyalar, maslahatchilar boʻlib, sovetcha ish yuritish joriy qilinganligiga qaramay, mohiyatan Qozilar sudidan farqi yoʻqday edi. Qozilar sudini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni musulmon ruhoniylari dinga tazyiq sifatida baholadilar. Shu sababli Turkistonda Qozilar sudiini qisman tiklash boshlandi. Bu haqda 1921-yil 6 oktabrda Turkiston MIKning dekreti eʼlon qilindi. 1922-yil 26 mayda TASSR hukumati respublikaning barcha hududida Qozilar sudini qayta tiklash haqida dekret chiqardi. Ana shu asosida Qozilar sudi yana bir necha yil ish olib bordi. Oʻzbekiston SSR XKSning 1928-yil 18 fevral qarori bilan u Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

Shoiraxon Eshonova.