Pulloroz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Buyraklar kattalashgan va siydik yo‘lida siydik tuzlari hosil bo‘lgan va donachasimon nekrotik joylar ko‘rinib turibdi

Pulloroz (lotincha: Pullorosis) - tovuqlarda uchraydigan, ayniqsa yosh parrandalarning o‘ta kontagioz infektsion kasalligi bo‘lib, jo‘jalarda o‘tkir, voyaga yetgan tovuqlarda tuxumdonning yallig‘lanishi va sariqlik peritoniti yoki yashirin klinik belgisiz kechish bilan xarakterlanadigan kasallik hisoblanadi[1]. Pulloroz parrandachilikda, jo‘jalarning birinchi bor aniqlangan kasalliklaridan biri hisoblanadi. Qo‘zg‘atuvchisi 1900-yilda Amerikalik olim Rettger tomonidan aniqlanib, unga Bacillus pullorum deb nom berilgan, keyinchalik uni Salmonella pullorum - gallinarum deb atashgan. Ko‘pgina mamlakatlarda parrandalarning pulloroz va tif kasalliklari alohida kasalliklar hisoblanib, pullorozni S. pullorum, tifni esa S.gallinarum qo‘zg‘atadi deyiladi. Dastlabki davrlarda ushbu kasallik “oq batsilyar ich ketish” deb yuritilgan, biroq unda har doim ham oq diareya kabi klinik holatlar kuzatilmaydi. 1910-yillarga kelib, jo‘jalarni inkubatoriyalarda ochirish yo‘lga qo‘yilgach, pulloroz Amerikada, Kanadada, keyinchalik Fransiya, Belgiya, Italiya, Vengriya, Yaponiya, Avstraliya mamlakatlariga tarqalgan. Sobiq Ittifoqda kasallik 1926-yili Angliyadan keltirilgan jo‘jalar orasida P.V.Sizov tomonidan aniqlangan. Keyinchalik ushbu kasallik Kavkazorti, Ukraina, Belarus va boshqa hududlarda ro‘yxatga olingan. Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda 1960-yillardan boshlab, parrandachilik xo‘jaliklarida ushbu kasallik uchray boshlagan. Bu holatni kelib chiqishiga sabab inkubatoriyaga qo‘yiladigan tuxumlarni pulloroz kasalligi bo‘yicha nosog‘lom xo‘jaliklardan olinganligi sababchi bo‘lgan.

Qo‘zg‘atuvchisi va uning chidamliligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pullorozning qo‘zg‘atuvchisi-Salmonella pullorum harakatsiz, gramm - manfiy kichik tayoqcha shaklida bo‘lib, spora va kapsula hosil qilmaydi. Oddiy sun’iy muhitda, 37°C, rN 7,4 - 7,5 da yaxshi o‘sadi. GPA da kichik shudring tomchisidek koloniyalar, GPB da, muhitni loyqalantiradi va unda yumshoq cho‘kma hosil qiladi. Endo, Ploskirev muhitlari optimal muhit hisoblanadi. Salmonella qonda, parenximatoz a’zolarda, ichakda, tovuq embrionining so‘rilib hazm bo‘lmagan sarig‘ida, tovuqlarda esa tuxumdon sariq follikulasida ko‘proq bo‘ladi. Esherixiyalardan o‘zining biokimyoviy xususiyatlari bilan farqlanadi. Salmonellalar tashqi muhit va fizikaviy ta’sirlarga yuqori chidamliligi bilan farq qiladi. Parrandaxonalarda yilning fasllariga bog‘liq holda -2° dan 33,7°C gacha bo‘lgan haroratda 10 kundan 105 kungacha qo‘zg‘atuvchi faol saqlanadi. Tovuq go‘ngida 100 kun, oqmaydigan suvda 200 kun, tuproqda 400 kun tirik saqlanishi mumkin. 60°C da 30 daqiqada, qaynatilganda esa, 1 daqiqada o‘ladi. 1% li karbol kislotasi va 1%l i formalin salmonellani 5 daqiqada faolsizlantiradi[2].

Epizootologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiiy sharoitda pullorozga tovuq va kurka jo‘jalari juda moyil boʻlib, ko‘pgina yovvoyi parrandalar, tustovuqlar, bedana, sesarka, tovus, tuyaqush, kabutar, o‘rdak, g‘oz, kanareyka, oq qush, chumchuqlar va boshqa qushlar, tovuqlarga nisbatan kamroq moyil bo'ladi. SHuningdek, suvda suzuvchi parrandalar ham ushbu kasallik qo‘zg‘atuvchisiga nisbiy chidamliroq. Ularda S.typhimurium qo‘zg‘atdigan kasallik kuzatiladi. Laboratoriya hayvonlaridan ushbu qo‘zg‘atuvchiga oqsichqonlar, kalamush va quyonlar sezgirroq. Tabiiy sharoitda go‘sht yo‘nalishidagi jo‘jalari tuxum beradigan zotlarga nisbatan kasallikka o‘ta moyildir. Kasallanish 2% dan 60% gacha, davolanmasa o‘lim 70% gacha bo‘lishi mumkin[3]. Xo‘rozlar kamroq kasallanadi. Kasallanishda jo‘janing yoshi katta rol o‘ynaydi. Tabiiy sharoitda 5-7 kunlik jo‘jalarda pulloroz ko‘proq namoyon bo‘lib, 20 kun ichida ularda epizootik tarqalish kuzatiladi. Chunki, ular o‘zlarining axlati bilan juda katta miqdorda qo‘zg‘atuvchi ajratadi va u bilan tashqi muhit (bino, oxur, ozuqa, barcha predmetlar, suv, to‘shama va boshqa narsalar) ifloslanadi. 20-45 kunlik jo‘jalarda yangi pulloroz holati juda kam uchraydi. 50 kunlik va undan katta jo‘jalarda pulloroz faqat sporalik holatda uchraydi xolos. Jo‘jalarni zich joylashtirish, harorat va namlikni me’yorda saqlamaslik, o‘z vaqtida to‘yimli va vitaminlarga boy ozuqa bilan parvarish qilmaslik omillari organizmning rezistentligini pasaytirib, kasallikni rivojlanishiga olib keladi. Kasal jo‘ja va tovuqlar hamda ulardan olingan tuxumlar, kemiruvchilar va boshqa sut emizuvchilar, hasharotlar, ozuqalar kasallik manbai bo‘lib xizmat qiladi. Kana va chivinlar ham kasallikning tarqalishida muhim ahamiyat kasb etadi. Kasal tovuqlardan olingan tuxumlarning inkubatsiyaga qo‘yilishi va ochirilgan jo‘jalarning tarqatilishi kasallik tarqalishida katta ahamiyatga ega, chunki qo‘zg‘atuvchi bilan zararlangan tuxumlardan inkubatsiya davrida 40-60% jo‘ja chiqishi mumkin, qolganlari nobud bo‘ladi. Inkubatsiyadan chiqqan yosh jo‘jalar 80% gacha qo‘zg‘atuvchi bilan zararlangan bo‘lishi mumkin. Transovarial yo‘l bilan qo‘zg‘atuvchini yuqtirib olgan jo‘jalarning o‘t xaltasida u faol saqlanadi va axlati bilan ajralib tovuqxonani, ozuqa, suv, havoni ifloslantiradi. Bundan tashqari, xo‘jaliklarning o‘zaro kelishib har xil epizootik sharoitdagi inkubatoriyalardan jo‘ja olib kelishi ham kasallik tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Nosog‘lom xo‘jalikdan keltirilgan jo‘jalar orqali kasallik juda tez tarqaladi. Pulloroz nosog‘lom xo‘jalikdagi ozuqa qoldiqlari, suv, to‘shamalar, dalaga chiqarilgan go‘ng orqali ham tarqaladi. Kasallik asosan transovarial, alimentar va aerogen yo‘l bilan yuqadi. Antisanitariya holati, gigiyena talablarining buzilishi, sifatsiz ozuqalar bilan oziqlantirish, juda past yoki yuqori harorat ta’siri pullorozning tez tarqalishiga olib keladi. Inkubatoriyadan chiqqan jo‘jalar orasida pulloroz bo‘lsa, birinchi kundanoq ko‘p jo‘jalarga zarar yetkazadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi rezervuari bo‘lib, yovvoyi sinantrop qushlar xizmat qilishi mumkin. Hayvonlar, hasharotlar, odamlar pulloroz qo‘zg‘atuvchisini mexanik o‘tkazishi mumkin. Pullorozdan tuzalgan jo‘jalar 1,5 yil davomida bakteriya tashuvchi bo‘lib xizmat qiladi[4].

Patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pulloroz qo‘zg‘atuvchisi alimentar yoki aerogen yo‘l bilan organizmga kirib, ichaklar va nafas olish a’zolaridan qonga o‘tadi va u orqali butun to‘qimalarga tarqaladi, ko‘proq hollarda jigar, taloq, buyraklar, tuxumdon va boshqa a’zolarda joylashadi hamda u yerlarda ko‘payish evaziga yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Ayrim hollarda qo‘zg‘atuvchi faqat oshqozon-ichak tizimi a’zolarida joylashadi. Odatda nafas olish a’zolarida joylashgan qo‘zg‘atuvchi tezroq organizmda septik jarayonni rivojlanishiga olib keladi. Bunga ko‘proq qo‘zg‘atuvchidan hosil bo‘ladigan endotoksin sababchi bo‘ladi. CHunki, qo‘zg‘atuvchi organizmga kirib endotoksin hosil qiladi va ekzotoksinlar ajratadi. Shuning uchun ushbu toksinlar bilan qo‘zg‘atuvchining virulentligi orasida to‘g‘ri korrelyatsiya mavjud. Ushbu toksinlar tovuq embrionini va tuxumdan chiqqan jo‘jalarni zaharlaydi va nobud qiladi.

Klinik belgilari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pulloroz qo‘zg‘atuvchining organizmga kirish yo‘liga qarab jo‘jalar, tuxumdan chiqqanidayoq, yoki 1-5 kun yashirin davrdan keyin, kasallik belgilarini namoyon qiladi. Jo‘jalarda kasallik o‘tkir, yarim o‘tkir va surunkali kechadi. Tovuqlarda esa surunkali va belgisiz o‘tadi. Eng yosh jo‘jalarda kasallik o‘tkir kechsa, ularda lanjlik, uyquchanlik, patlari paxmaygan, nafas olishning tezlashishi, ko‘zlarini yumib turishi kuzatiladi[5]. Pulloroz transovarial yuqqanda kasallik o‘tkir kechadi va birinchi kundanoq klinik belgilari namoyon bo‘lib, tuxumdan chiqqan jo‘ja 2-3 kun ichida nobud bo'ladi.

Patologoanatomik o‘zgarishlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Axlati kloaka atrofida qotib qolgan, pulloroz bilan kasallangan tovuq.

Pulloroz tufayli qariyb 70-80% tovuq embrioni rivojlanishning har xil bosqichlarida o‘ladi. 14-18 kunlik embrionda so‘rilib ulgurmagan kulrang-ko‘kimtir, qattiqlashgan tuxum sarig‘i ko‘zga tashlanadi. Embrion yorib ko‘rilganda, taloqning qonga to‘lishi va kattalashgani aniqlanadi. Jigar ham kattalashadi va loysimon – sariq rangda, o‘t xaltasi qoramtir-yashil shilimshiq hamda fibrinli o‘tga to‘lgan bo‘ladi. O‘pka, taloq, jigarda kichik nekroz o‘choqlari bo‘ladi. Buyraklarda va siydik yo‘llarida nordon siydik tuzlari to‘planadi. Parenximatoz a’zolarda nekroz o‘choqlari kuzatiladi. Ko‘r ichakda qattiq tvorogsimon ko‘kimtir oq massa to‘plangani aniqlanadi. Tovuqlarda tuxumdon kasallanishi tufayli uning konsistensiyasi va follikulalar shakli o‘zgargan bo‘ladi, tuxumdon hamda tuxum yo‘lining yallig‘lanishi (ovarit, salpingit) evaziga sariq peritoniti kuzatilishi mumkin.

Diagnostikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pullorozga diagnoz epizootologik ma’lumotlar, klinik belgilar va patologoanatomik o‘zgarishlar hamda laboratoriyaviy tekshirishlar asosida qo‘yiladi. Tovuqlarga serologik, bakteriologik tekshirish natijalari asosida diagnoz qo‘yiladi. Diagnoz qo‘yish qiyin bo‘lsa, biosinov qo‘yiladi.

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pullorozni davolash xuddi salmonellyozdagidek. Har bir konkret xo‘jalikda kasallikni sodir qilgan shtammning antibiotik va kimyoviy preparatlarga sezgirligi aniqlangandan so‘ng davolashni boshlash kerak.

  1. „Fact Sheet - Pullorum Disease and Fowl Typhoid“. Qaraldi: 2020-yil 29-mart.
  2. „Pullorozni davolash. Tovuqlarda pulloroz nima va uni qanday davolash kerak? Davolash va oldini olish“. https://youmebox.ru/uz/. Qaraldi: 29-sentabr 2023-yil.
  3. Williams, Zac „History and Importance of the National Poultry Improvement PlanProtecting poultry since 1935“. Chicken Whisperer. Qaraldi: 2021-yil 27-aprel.
  4. „PARRANDALAR KASALLIKLARI PULLOROZ PULLOROSIS THYPHUS AVIUM“. https://foydali-fayllar.uz. Qaraldi: 29-sentabr 2023-yil.
  5. „ПУЛЛОРОЗ-ТИФ“. poultry.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.