Polineziya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Polineziya (yun. poli... va nesos — orol) — Okeaniyadagi orollar. Tinch okeanning markaziy qismida, 23°30’ sh.k. — 28° j.k. va 176° shq.u. — 109°20’ gʻ.u.lar oraligʻida. P. tarkibida Tonga, Gavayi, Tuvalu, Feniks, Tokelau o.lari, Kuk arxipelagi, Gʻarbiy Samoa, Sharqiy Samoa, Layn, Tubuai, Markiz o.lari, Pasxa o., Jamiyat o.lari, Tuamotu o.lari va b. bor. Mayd. 26 ming km2. Orollarning aksari qismi vulkan otilishi natijasida paydo boʻlgan yoki marjon orollardir. Vulkan orollari relyefi togʻlik (eng baland joyi 4205 m, Gavayi o.dagi Mauna-Kea soʻngan vulkani), marjon orollarining yer usti yassi va pasttekislik. Gavayi, Samoa va Tonga o.larida harakatdagi vulkanlar mavjud. Foydali kazilmalardan fosforit, boksit konlari bor. Orollar marjon riflari bilan oʻralgan. Iqlimi ekvatorial, tropik, passatli iqlim. Oʻrtacha yillik t-ra 22—26°. Yillik yogʻin 1500 mm dan 3500 mm gacha, kuchli dovullar boʻlib turadi. Orollar doim yashil subekvatorial va tropik oʻrmonlar bilan qoplangan, shamolga teskari yon bagʻirlar savannalardan iborat. Sohillarda kokos palma-si, non daraxti, pandanuslar usadi. Kofe, kakao, kauchukli daraxtlar oʻstiriladi. Shakarqamish, ananas, sholi, yams, maniok yetishtiriladi. Dengiz hayvonlari ovlanadi, marvarid olinadi. Xalqaro turizm rivojlangan. P. orollari yevropaliklarga 16-a. oxiridan maʼlum.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil