Patent

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
AQSh patenti

Patent (lot. patens — ochiq, aniq, ravshan) — texnik yechim yoki ixtironing davlat tomonidan eʼtirof etilganligini va ixtirochining oʻz ixtirosiga olgan mutlaq huquqini tasdiqlovchi hujjat. Patent olish jarayoni, patent oluvchining maʼsuliyatlari va eksklusiv huquqlari turli mamlakatlarda turlichadir. Shunday boʻlsa ham, har bir patent olish uchun yozilgan arizada ixtironing biror-bir yangilik kiritayotgani haqida maʼlumot boʻlishi kerak. Koʻp mamlalakatlarda berilgan eksklusiv huquqlar boshqalar patentlangan ixtironi ruxsatsiz yasashi, qoʻllanishi, sotishi yoki tarqatishi oldini oladi.[1]

Xalaqaro Savdo Tashkilotining mualliflik huquqlari boʻyicha shartnomasiga koʻra, bu tashkilotga aʼzo mamlakatlarda har qanday sohadagi ixtiro uchun patentlar mavjud boʻlishi zarur.

Patentni odatda davlat beradi. Davlat patent idorasi tomonidan ixtiro muallifiga yoki ariza boʻyicha huquqiy vorisiga beriladi. Koʻp mamlakatlardagi qonunlariga koʻra, patent 15—20 yil muddatga beriladi. Baʼzi mamlakatlarda ixtorolarni himoyalash vaqti odatda kamida 20 yil boʻlishi kerak. Patent odatda shu patent chiqarilgan mamlakat hududida amal qiladi. Xalqaro amal qiluvchi patentlar ham mavjud. Baʼzi mamlakatlarda maʼlum bir sohalardagi ixtirolar uchun patent berilmaydi.

Oʻzbekistonda ixtirolar, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan qoʻyiladigan patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda patent idorasining bunday hujjatni berish tartibi mamlakatning „Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida“gi qonuni (1994-yil 6-may) da belgilab berilgan.

Bir qancha mamlakatlarda tadbirkorlik faoliyatining muayyan turlari bilan shugʻullanish uchun berilgan maxsus ruxsatnoma ham „patent“ deb ataladi. Davlatdan bunday patentni sotib olish tadbirkorlarni (odatda, yakka tartibdagi tadbirkorni) bundan keyingi (bir yilga yoki boshqa davrga) soliqlar toʻlashdan ozod etadi.[2]

Manbalar[tahrir]

  1. Patentlar: Koʻp beriladigan savollar (ingl.). Mualliflik Huquqi Boʻyicha Xalqaro Tashkilot. 26.10.2012.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar[tahrir]