Nilüfer Gürsoy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nilüfer Gürsoy

Nilüfer Gürsoy (1940-yillar)
Andoza:GNAT MP
Mansab davri
1965-yil 10-oktyabr – 1969-yil 2-oktyabr
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi
Nilüfer Bayar

1-iyun 1921-yil (1921-06-01) (102 yosh)
Bursa, Usmonli imperiyasi
Millati Turk
Siyosiy partiyasi Adolat partiyasi (1961–1970, 1977–1980)
Boshqa siyosiy
birlashmalari
Demokratik partiya (1970–1977)
Turmush oʻrtogʻi Ahmet İhsan Gürsoy
Onasi Reşide Bayar
Otasi Celâl Bayar
Taʼlim Klassik filologiya
Alma mater Istanbul universiteti
Anqara universiteti
Kasbi siyosatchi, memorist

Nilüfer Gürsoy (qizlik familyasi: Bayar, 1921-yil 1-iyunda tugʻilgan) turk filologi, siyosatchisi va memuar asarlar muallifi. 1965–1969 hamda 1973–1980-yillarda parlamentda faoliyat yuritgan. U, shuningdek, Turkiyaning uchinchi prezidenti Celâl Bayarning qizi.

Taʼlimi va akademik hayot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nilüfer Bayar boshlangʻich taʼlimni uyda yakka tartibda olgan. Keyin u Maarif Kolejida (keyinchalik TED Anqara kollejida) oʻrta taʼlim olgan va 1939-yilda oʻqishni tugatgan. Oʻsha yili u Istanbul universitetida falsafa boʻyicha tahsil olishni boshlagan. Bir yil oʻtgach, oilasining Anqaraga koʻchib oʻtishi munosabati bilan Anqara universitetining Til va tarix-geografiya fakultetiga oʻqishga kirgan va klassik filologiya boʻyicha tahsil olgan. Oʻqishni tamomlagach, 1949-yilda u qadimgi yunon tili kafedrasiga assistent etib tayinlangan. Nilüfer „Yevripidning siyosiy qarashlari“ nomli doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlagan va 1954-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini qoʻlga kiritgan[1].

1960-yilgi davlat toʻntarishidan soʻng, otasi Prezident Celâl Bayar va uning turmush oʻrtogʻi, Demokratik partiyadan Kutahya deputati Ahmet İhsan Gursoy va boshqa koʻplab davlat amaldorlari va siyosatchilar xunta tomonidan hibsga olingan. Nilüfer Bayar esa shu voqealar sabab universitetdan haydalgan va Istanbul yaqinidagi kichik bir orol Yassiadaga Oliy sudda sudlovlar oʻtkazish uchun yuborilgan. Uning ishi dotsentlikka tayyorlanayotgan paytda tugatilgan. Keyinroq u universitet ustidan sudga murojaat qilgan. Nilüfer sud ishida gʻalaba qozongan boʻlsa ham, akademik hayotga qaytmagan[1].

Siyosatchi martabasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nilüfer faol siyosiy faoliyatini 1961-yilda tashkil etilgan Adolat partiyasiga aʼzo boʻlishdan boshlagan (turkcha: Adalet Partisi, AP). mazkur partiya 1960-yilgi davlat toʻntarishidan keyin taqiqlangan Demokratlar partiyasining avlodi sifatida tashkil etilgan. U 1965-yilgi umumiy saylovda Adolat partiyasidan Bursa deputatligiga nomzodini qoʻygan va Turkiya Buyuk Millat Majlisiga 1969-yilgacha 13-parlamentda xizmat qilgan[2].

Nilüfer Gürsoy 1969-yilgi umumiy saylovda qatnashmagan. U yana 40 nafar siyosatchi[3] bilan birga APdan isteʼfoga chiqqan va 1970-yilda tashkil etilgan Demokratik partiyaga (turkcha: Demokratik Parti, DP) qoʻshilgan. U partiya boshqaruvida ishlagan va 1973-yilgi umumiy saylovda DPdan Istanbul deputatligiga nomzodini qoʻygan. Nilüfer Gürsoy 1977-yilgacha 15-parlamentda xizmat qilgan[2].

Nilüfer Gürsoy oʻzining boshlangʻich partiyasi APga qaytgan va 1977-yilgi umumiy saylovda Istanbul deputatligiga nomzodini qoʻygan. 16-parlament 1980-yilgi davlat toʻntarishi natijasida tugatilgan va barcha siyosiy partiyalar taqiqlangan. Shundan soʻng u siyosiy hayotdan voz kechgan[2].

Memuar yozuvchilik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nilüfer Gürsoy Turkiyaning mustaqillik urushi davrida tugʻilganligi sababli Respublika tarixidagi Otaturk davri, Inönü davri, Demokratik partiya davri va 1960 va 1980-yillardagi davlat toʻntarishi kabi muhim davrlarga guvoh boʻlgan[2].

Nilüfer Gürsoy 2014-yilda 1960-yilgi davlat toʻntarishi bilan bogʻliq xotiralarini 27 May Darbesi va Bizler, Cumhurbaşkani Celal Bayarning Kızı Anlatıyor („27-may davlat toʻntarilishi va biz, Prezident Jalol Bayarning qizi aytadi“) sarlavhasi bilan nashr etgan. 2021-yilda, qariyb 100 yoshga toʻlganida, Respublikaning ilk siyosiy tarixiga oid sheʼrlari va xotiralari „İçimin Renkleri“ („Ichimdagi ranglar“) kitobida nashr etilgan[1][4].

Shaxsiy hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nilüfer Gürsoy 1921-yilning 1-iyunida Bursada Celâl Bayar va Reşide Bayar oilasida tugʻilgan[5]. Uning Refiy va Turgʻut ismli ikkita ukasi boʻlgan. Otasi Mustafa Kemal Atatürkning hamkori boʻlgan[2][5][6]. U tabib va siyosatchi Ahmet İhsan Gürsoyga turmushga chiqqan. Ularning uch nafar qizi boʻlib, qizlarining hammasi akademik boʻlgan[5]. Gürsoy Istanbulning Kadıköy tumanida yashagan[1]. U Celal Bayar jamgʻarmasi raisi boʻlib ishlaygan[5]. 2015-yilda 20 000 ga yaqin kitoblar toʻplamini, jumladan, otasining kitobini Istanbuldagi Kadıköy munitsipalitetining Tarix, adabiyot va sanʼat kutubxonasiga sovgʻa qilgan[7].

Kitoblari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „İçimin Renkleri“ (tr). Bağlam Yayıncılık. Qaraldi: 2024-yil 6-fevral.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Çini Şimşek, Derya (30 October 2023). "Cumhurbaşkanı Celal Bayar'ın Kızı Milletvekili Nilüfer (Bayar) Gürsoy'un TBMM'deki Faaliyetleri" (tr). DergiPark (267–279): 267–279. doi:10.53568/yyusbed.1231123. https://dergipark.org.tr/tr/pub/yyusbed/issue/80768/1231123. Qaraldi: 5 February 2024. Nilüfer Gürsoy]]
  3. kaya, Mehmet Ali.. „AP'yi böldüler“ (tr) (2019-yil 17-mart). Qaraldi: 2024-yil 5-fevral.
  4. „Nilüfer Gürsoy“ (tr). Pandora. Qaraldi: 2024-yil 5-fevral.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 „Nilüfer (Bayar) Gürsoy“ (tr). Ege Üniversitesi - Edebiyat Fakültesi - Mütercim Tercümanlık Bölümü. Qaraldi: 2024-yil 4-fevral.
  6. Bildirici Büyükkarakaya, Lale.. „27 Mayıs 1960 darbesinin tanıkları AA'ya konuştu“ (tr) (2022-yil 26-may). Qaraldi: 2024-yil 4-fevral.
  7. „Celal Bayar'ın kızı kütüphanesini bağışladı“ (tr) (2015-yil 9-iyul). Qaraldi: 2024-yil 5-fevral.