Muzokir-ul-as’hob

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Muzokir-ul-as’hob“
Muallif(lar) Muhammadbade Maleho Samarqandiy
Mamlakat Buxoro xonligi
Til fors-tojik
Janr(lar)i tazkira

„Muzokir-ul-as’hob“ („Muzakkir ul-asʼhob“, „Muzakkiri asʼhob“) — ashtarxoniylar davri adabiyoti va shoirlari ijodiga bag‘ishlab Muhammadbade Maleho Samarqandiy tomonidan yaratilgan tazkira.

Asar muallifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maleho Samarqandiy 1641-yilda Samarqandning fozil kishilaridan bo‘lgan Muhammad Sharif Samarqandiyning oilasida tug‘ildi[1]. Malehoning otasi o‘z o‘g‘lini zamonasining bilimdon va fozil bir kishisi qilib yetishtirmoqchi edi. U Malehoni juda yoshligidayoq o‘qishga berdi, uning yaxshi bilim olishi uchun shart-sharoit yaratdi. Maleho ilm bilan birga she’riyatga ham qiziqdi. Maleho she’r yozish bilan shug‘ullangan dastlabki kezlarda otasi ilmga sarf etilishi lozim bo‘lgan vaqt bekorga o‘tmasin deb uning she’r yozishiga qarshilik ko‘rsatdi. Keyinchalik esa Malehoga maddoh va tamagir shoir bo‘lmaslik kerakligini uqtirib, uning she’r ijod qilishiga imkon yaratdi.

Otasining nasihati Maleho ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi: uning ijodida bironta ham maddohlik (xushomadgo‘ylik) ruhida yozilgan qasida topilmaydi. Maleho yoshligidanoq tazkira tuzishni orzu qilardi. U o‘z rejalarini amalga oshirish maqsadida keyinchalik sayohatga otlanib, avval Buxoroga, keyin esa Eronga safar qilib, uch yil orasida ko‘pgina shaharlarda bo‘ldi. U safar vaqtida XVII asr shoirlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar to‘pladi. U safardan qaytib, Samarqandga kelgach, Shayboniyxon madrasasida mudarrislik lavozimida ishlay boshladi va ko‘pdan beri orzu qilib yurgan tazkirasini tuzdi. U taxminan XVIII asrning boshlarida vafot etdi.

Asarning tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maleho Samarqandiyning „Muzokir-ul-as’hob“ tazkirasi muallifning ijodiy merosi ichida alohida o‘rin egallaydi. 1692-yilda yozilgan bu asarda XVII asrda O‘rta Osiyo va Eronda yashab ijod etgan 160 dan ortiq shoir haqida katta ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar keltiriladi[2]. Jumladan, Malehoning mashhur tojik shoiri Sayido Nasafiy, Lutfullo-Shokir, Xoja Same Sodot, Muhammadamin Sarafrozi Samarqandiy va boshqalar haqida keltirgan ma’lumotlari ularning hayoti va ijodini o‘rganishda juda qimmatlidir.

Tazkirasida shoirlar arab alifbosi tartibida joylashtirilgan. Tazkira muallifi o‘ziga bevosita suhbatdosh bo‘lgan shoirlarning hayoti va ijodiga batafsil to‘xtalib, ularning asarlaridan namunalar keltiradi. Bu esa, shubhasiz, asarning qimmatini oshiradi. Chunonchi, Malehoning XVII asrdagi mashhur tojik shoiri Sayido Nasafiy to‘g‘risidagi xotiralari g‘oyat maroqlidir. Muallif Sayidoning Buxoroda Madrasayi Devonbegi yaqinidagi hujralardan birida yashagani, bag‘oyat nozik ado va shirin kalom ekanligi, g‘azal, muxammas, masnaviy janrlarida ijod etishda zamonasining zabardast kishilaridan bo‘lganligini gapiradi.

Maleho ziyraklik bilan butun adabiy muhitni kuzatadi, o‘rganadi, yosh qalamkashlar ijodiga qiziqadi va ularning istiqboliga umid bilan qaraydi. Masalan, u Abdulla Mulham Buxoriy to‘g‘risida shunday deydi: „Mulham oti Abdullodir. U ham buxorolik bo‘lib, yoshdir. Maydonga endi kirib kelayotir. Uning kelajagi porloq ekanligi ko‘rinib turibdi“.

Asarning ilmiy ahamiyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Muzokir-ul-as’hob“dagi adabiy faktlarning aniq va ishonchli ekanligi, shoirlarning tarjimayi holi va ijodiyoti haqida keltirilgan ma’lumotlarning tekshirilganligi bu asarning ilmiy ahamiyatini kuchaytiradi. Lekin asarning ahamiyati bu bilangina cheklanmaydi. Maleho o‘z tazkirasida Buxoro xoni Subhonhulixon zamonidagi ijtimoiy va iqtisodiy sharoit to‘g‘risida, bu davrda poraxo‘rlik va zulmning kuchayganligi va shunga o‘xshash voqealar haqida ham so‘z yuritadi. Bu esa Maleho tazkirasining, birinchidan, XVII asrning ikkinchi yarmida Buxoro xonligining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahvolini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega ekanligini, ikkinchidan, undan oldin yaratilgan tazkiralardan farqini ko‘rsatadi.

„Muzokir-ul-as’hob“ning ahamiyati yana shundaki, unda Mutribiydan so‘ng, ya’ni 1605-yildan keyin (1692-yilgacha) Samarqandda Boltu taxallusli Mullo Sodiq Samarqandiy degan adabiyotshunos tomonidan ham „Riyoz-ush-shuaro“ nomli bir tazkira yaratilganligi haqida ma’lumot berilgan. Maleho o‘z asarida Mullo Sodiq Samarqandiy „Riyoz-ush-shuaro“ tazkirasida Abdullaxon o‘limidan (1598-yildan) Nadr Muhammadxon hokimiyatga kelguniga (1642-yilga) qadar bo‘lgan davrdagi har biri o‘z taxallusiga ega bo‘lgan podsholar va fozil kishilar, mashoyixlar va amirlar, talabalar va olimlar, vazirlar va shoirlar, xattot va kitob ahli, san’atkorlar va hunarmandlar haqida so‘z yuritganini yozgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Orzibekov R. O‘zbek adabiyoti tarixi (XVII—XIX asr birinchi yarmi). Toshkent: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti, 2006 — 17 bet. 
  2. Jumaxo‘ja N., Adizova I. O‘zbek adabiyoti tarixi (XVI—XIX asr birinchi yarmi). Toshkent: Noshir, 2019 — 16 bet. 
  3. Абдуллаев В.А. Ўзбек адабиёти тарихи. Иккинчи китоб (XVII асрдан XIX асрнинг иккинчи ярмигача). Тошкент: Ўқитувчи, 1967 — 21 bet.