Muqom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muqom (maqom soʻzidan) — uygʻur mumtoz musiqasining asosiy janri. Rok, Chabbiyat, Mushovirak, Charigyah (Chorgoh), Panjigyax, Oʻzhol (Uz zol), Ajam, Ushshak, Bayot, Nava, Sigyah va Iroq deb nomlanuvchi 19-asrda shakl topgan 12 M. turkumi mavjud. M.larning har biri muayyan mavzu bilan bogʻliq cholgʻu, ashula va raqs kuylari turkumidan iborat yirik shakldagi asarlardir. Har bir M. oʻziga xos pardada ijro etilib, muqom boshi, choʻng nagʻma, doston nagʻma (doston margʻuli bilan) vamashrap nagʻma qismlaridan tashkil topgan. M. boshi va choʻng nagʻmadagi ashula yoʻllari, asosan, mumtoz (Navoiy, Zaliliy, Nozimiy, Huvaydo, Mashrab va boshqalar) sho-irlarning gʻazallari bilan aytiladi. Doston nagʻmalarning ashula yoʻllari uy-gʻur dostonlari qoʻshiklariga hamohang boʻlib, uygʻur xalq lirik-epik asarlari matnlari bilan ijro etiladi. Mashrap nagʻmalarning kuy-ohanglari toʻysayil, davra (mashrap)larda ijro etiladigan raqsbop qoʻshiklardan iborat. M.lar ijrosida hofiz (M.boshi), ashulachi va sozandalar guruhi (qolgan qismlarda) hamda raqqosalar guruhi (Mashrap nagʻma) qatnashadi, asosan, tanbur, sato, dutor, rubob, chang, dap (doira), nay kabi musiqa cholgʻu asboblaridan foydalaniladi. Uygʻur 12 M.ining Doʻlan, Qashqar, Turfon, Xoʻtan, Ili M.lari kabi mahalliy turlari mavjud. Ular bir-biridan parda tuzilmalari, kuy-ohanglari, ichki tarkibi bilan farqlanadi. M.larning bizgacha yetib kelishida Halim va Salim (19-asr), Muhammad Ahmad Boqi oʻgʻli (Oxunim Korushong, 1849—1926), Turdi Oxun (1881—1956), Roʻzi tanburlarning xizmati katta. Turdi Oxun rahbarligidagi M. chilar ijrosida 1951—54 yil lari Sharqiy Turkiston (Sinszyan)da 12 Mlarning Qashqar varianti yozib olingan va Pekinda nota yozuvida nashr etilgan. Oʻzbekiston teleradiosida Roʻzi tanburning shogirdlari M. Hasanov, N.Nosirov, Q.Rozi (Muhammedov), F. Qodirxoʻjayev, S. Rozamovlardan 12 M.larning Ili varianti yozib olingan (1968—72) va grammplastinkada chiqarilgan. Uygʻur M.larini A.Hoshimov tadqiq etib kelgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil