Missuri (daryo)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Missuri (mahalliy indeyslar tilida — loyqa daryo) — AQShdagi daryo, Missisipi daryosining eng katta oʻng irmogi. Uz. 4740 km, havzasining mayd. 1370 ming km2 (shundan 10 ming km2 Kanada hududida). Qoyali togʻlarning sharqiy yon bagʻridan boshlanadi. Oʻrta oqimi Missuri platosi (baʼzida daralardan oqib, ostonalar hosil qiladi) va quyi qismi Markaziy tekisliklar orqali oʻtgan. Suvi juda loyqa. Yirik irmoklari: Yellouston, Platt, Kanzas. M. yuqori oqimida qordan, oʻrta va quyi oqimida koʻproq yomgʻirdan suv oladi. Bahorda suvi koʻpayadi (etagida suv satqi 8—12 m gacha koʻtariladi), kuchli toshqinlar boʻladi. Oʻrtacha suv sarfi 2600 m3/sek., toshganda 19000 m3/ sek., suvi kamayganda 150—170 m3/sek. boʻladi. Daryo yiliga 220 mln. t oqiziq keltiradi. Katta suv omborlari (Fort-Pek, Garrison, Oaxe) qurilgan boʻlib, ulardan suv oqimini tartibga solib turish, irrigatsiya va energetika maqsadlarida foydalaniladi. Daryoda yirik kemalar Su-Siti sh.gacha, kichikroq kemalar Fort-Benton sh.gacha qatnaydi. M. boʻyida Omaxa, Kanzas-Siti va b. shaharlar joylashgan. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil