Litsenziya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Litsenziya (lot. licentia — ruxsatnoma, huquq) — 1) vakolatli davlat organlari tashqi savdo harakatlarini olib borish uchun beradigan ruxsatnoma. Eksport va importni, valyuta sarflarini nazorat qilish usullaridan biri. Odatda, 1 yilga beriladi; 2) texnikaviy, iqtisodiy, ilmiy yangiliklar egasining ularni ishlatish uchun shartnoma asosida beradigan ruxsati. Odatda, L. patent olingan yoki patent olish uchun talabnoma berilgan ixtirolarga nisbatan qoʻllaniladi. Ammo ixtirolarga, texnika yangiliklariga, i.ch. tajribasi, i. ch. sirlari, tijorat axborotlari uchun patentsiz ham berilishi mumkin. L. beruvchi litsenziar, L. oluvchi litsenziat deb yuritiladi. Yangi texnika va texnologiyaga oid L.lar 3 xil boʻladi: oddiy L. — litsenziar ixtirodan shartnomada belgilangan doirada foydalanish huquqiga ega boʻladi, ayni bir L.ni maʼlum hudud doirasida faqat bir emas, balki bir necha litsenziatga bera oladi; maxsus L. — litsenziat ixtiro, texnika yoki texnologiyani ishlatishga tanho huqukli boʻladi, litsenziar esa uni shu hududda koʻllay olmaydi va oʻz nomidan boshqalarga sota olmaydi; toʻliq L. — bunda L. obʼyektini ishlatish toʻla-toʻkis litsenziatlar qoʻliga beriladi, litsenziar esa undan mustaqil foydalana olmaydi. Bunday qoida L. berilgan muddat ichida amal qiladi. L. muayyan narxda sotiladi.

L. haqi shartnoma muddati davomida L. boʻyicha ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan olingan mukofot shaklida toʻlanadi (royalti). Bir necha bor toʻlangan royalti yigʻindisi L. narxini tashkil etadi. L. xaqi uni qoʻllab, iqtisodiy samara olishdan ilgari, bir yoʻla toʻlansa paushal toʻlovi deb yuritiladi. L. narxi L.ni qoʻllashdan olinadigan qoʻshimcha foyda bilan birga L. bozoridagi talab va taklifga ham bogʻliq. L. narxining past boʻlishi texnik-texnologik yangiliklarni ommalashtirish sharti hisoblanadi.

Shuningdek, L.ning vakolatli davlat organlari beradigan savdo, hayvonlarni ovlash, muayyan faoliyat bilan shugʻullanish, bank harakatlarini olib borish va b. koʻrinishlari uchraydi.

Qodirjon Yusupov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil