Kosmik biologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kosmik biologiya - kosmik boʻshliq turli omillarining tirik organizmlarga taʼsirini oʻrganadigan biologik soha. Kosmik parvoz sharoitida Yerdagi organizmlarni tadqiq qilish metodlari va ular hayotiy faoliyatini taʼminlash (sunʼiy biologik sistemalar ekologiyasi) vositalarini ishlab chiqish ham Kosmik biologiyaning asosiy vazifalaridan biridir. Kosmik parvozning, birinchi navbatda, vaznsizlikning tirik organizmga taʼsiri toʻgʻrisidagi dastlabki tadqiqotlar 40-yillar oxiri, 50-yillar boshida sobiq Ittifoqda oʻtkazilgan. Bu boradagi asosiy tadqiqotlar 1957-yilda Yerning 2-sunʼiy yoʻldoshida "Layka" laqabli it uchirilganidan soʻng boshlangan. Bu tadqiqotlar tufayli kosmik kemalarda hayotni taʼmin etish sistemalari sinovdan oʻtdi va mukammalashtirildi; insonning kosmik parvozi uchun imkon yaratildi.

Kosmik parvozda organizmga har xil noqulay omillar taʼsir koʻrsatadi. Bu omillar kosmik boʻshliqning fizik holati (muhitning oʻta siyrakligi, himoya kiyimisiz ochiq kosmosga chiqishga imkon bermaydigan ionlashtiruvchi radiatsiya), uchish apparatlarining xususiyatlari (shovqin, vibratsiya, tezlanish, vaznsizlik) va kosmik kemadagi hayot sharoiti (sunʼiy atmosfera, harakatning cheklanganligi, emotsional zoʻriqish va boshqalar) bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Ana shu omillarni alohida organizmga yoki ular guruhiga taʼsirini oʻrganish Kosmik biologiyaning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Tadqiqotlar har xil omillar va ular taʼsirini Yer sharoitida modellashtirish orqali va real kosmik parvoz sharoitida amalga oshiriladi. Bunday eksperimentlar dastlab turli biologik obʼyektlar (asosan, oq sichqonlar) da oʻtkazilib, vaznsizlik holati va ionlashtiruvchi radiatsiya taʼsirida organizmning muskul, qon aylanish, hazm qilish va boshqa sistemalarida sodir boʻladigan oʻzgarishlar tadqiq qilingan. Vaznsizlik holatining organizmga salbiy taʼsirini sunʼiy tortish kuchi yaratish orqali ancha kamaytirish mumkinligi aniqlandi. Kosmik parvozning organizmga taʼsiri oqibati ham oʻrganilib, kosmik boʻshliq omillari hayvonlarning umriga sezilarli taʼsir koʻrsatmasligi isbot qilindi. Tadqiqotlar natijasida tirik organizmlarning vaznsizlik sharoitiga moslashuvi mexanizmi, gravitatsiyaning fundamental biologik jarayonlar — hujayraning boʻlinishi, belgilarning irsiylanishi, organizmning oʻsishi va koʻpayishiga taʼsiri toʻgʻrisida juda muhim maʼlumotlar olindi. Shuningdek, oʻsimliklar rivojlanishining toʻliq sikli amalga oshirildi. Olingan maʼlumotlar uzoq davom etadigan kosmik parvozlar uchun ishlab chiqilgan tibbiy biologik tavsiyanomalarga asos boʻldi; kosmik parvozlarni yana ham uzoqroq davom ettirishni prognoz qilishga imkon berdi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil