Konstitutsiyaviy huquq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Konstitutsiyaviy huquq - asosiy ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yigʻindisi, huquq tizimining yetakchi sohasi. Konstitutsiyaviy huquq normalari davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va hududiy tuzilishi, uning fuqarolik jamiyati institutlari bilan munosabatlari tartibini, fuqaro va shaxs huquq hamda erkinliklari amalga oshirilishining asosiy tamoyillarini, davlat hokimiyati organlari tizimini belgilaydi. Bir qancha mamlakatlarda (jumladan, OʻzRda ham) ushbu huquqiy sohani belgilash uchun davlat huquqiy tushunchasi qoʻllanadi.

Konsitutsiya-davlatning Asosiy qonuni,unda inson va fuqaroning huquq va erkinliklari e'lon qilinadi,e'tirof etiladi va kafolatlanadi,davlat bodshqaruvi shakli va hududiy tuzilishi, hokimiyat markaziy va joylardagi mahalliy organlarni tashkil etish tizimi va ularning vakolatlati belgilab qo'yiladi,shuningdek,qonunchilik,ijro organlari va sud hokimiyati organlarini tuzish tartibga solib tutiladi,saylov tizimi,davlat ramzlari va Konsitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish tartibi belgilanadi.

Konstitutsiyaviy huquqning asosiy tamoyillari: boshqaruvning respublika shakli, inson va fuqarolar huquq hamda erkinliklarining ustunligi, hokimiyatlarning boʻlinishi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy huquqi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini; inson va fuqarolarning asosiy huquq hamda erkinliklari, ularning kafolatlarini; maʼmuriy-hududiy va davlat tuzilishini; saylov tizimini; hokimiyat tizimi va davlat organlari tizimini tashqil etish hamda faoliyatining asosiy tamoyillarini; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish asoslarini mustahkamlaydi. Konstitutsiyaviy huquq manbalari: Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlar, xalqaro huquq normalari, Oliy vakillik, ijro etuvchi hokimiyat, mahalliy vakillik va konstitutsiyaviy sud hujjatlari va h.k.(hokazolar) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquq manbalari: Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining normativ hujjatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi, mahalliy davlat hokimiyati normativ hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi va uning subʼyekti oʻrtasidagi kelishuvlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qarorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining normativ hujjatlari.

Konstitutsiyaviy huquq, ayni vaqtda, Konstitutsiya, uning mazmun-mohiyati, ahamiyati, jamiyatdagi oʻrni haqida maʼlumot beruvchi fan hamdir. Kengroq maʼnoda, u konstitutsiyaviy institutlar haqidagi tasavvur va bilimlar, konstitutsiyaviy normalar va ular orqali tartibga solinadigan munosabatlar hamda qonunchilikni rivojlantiruvchi qarashlar tizimidir. Bu fan konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlarga baho beradi, konstitutsiyaviy intlarni oʻrganadi, muammolarni aniqlab, ularni hal kilish yoʻllarini koʻrsatadi.

Abdujabbor Toʻlaganov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil