Kindiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kindiy, Abu Yusuf Yoqub ibn Ishoq (taxminan 800, Basra — taxminan 870, Bagʻdod) — arab faylasufi. Sharq aristotelizmi asoschilaridan. Muʼtaziliylar bilan yaqin aloqada boʻlgan. Xalifa Mutavakkil (847—861)ning ratsionalistlar bilan kurashi vaqtida kuvgʻinga uchragan. Yunon mutafakkirlarining risolalarini arab tiliga tarjima qilgan, Aristotelning "Kategoriyalar", "Ikkinchi analitika", Yevklidning "Unsurlar" va Ptolemeyning "Almagest" asarlariga sharhlar yozgan. K. fikricha, olamning yaratuvchisi Alloh, u abadiy mavjud, yagona. Tabi-atdagi narsalar oʻzaro sababiy bogʻlangan, ular 4 unsur — olov, suv, havo va tuprokdan iborat. K. 5 ta substansiya — fazo, vaqt, materiya, shakl va harakatning mavjudligi haqida, dunyoni bilish mumkinligi xaqida fikr yuritdi. K. asarlarining aksariyati bizgacha yetib kelmagan, faqat 29 risolasi topilgan, ularning koʻpchiligi riyoziyot, mantiq, falsafa va boshqa fanlarga bagʻishlangan. K.ning falsafiy qarashlari keyingi davrlarda Sharq mutafakkirlari dunyoqarashiga, oʻrta asr Yevropa falsafasi rivojiga samarali taʼsir koʻrsatdi. Muhim asarlari: "Aql haqida", "Jon haqida mulohaza", "Ashʼyolarning taʼrifi va bayoni", "Beshta substansiya haqida kitob" va boshqa

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Jonmatova X. A., Al-Kindiy (hayoti va ijodi), T., 1967.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil