Karib dengizi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Karib dengizi, Karaib dengizi (indeyslarning karib qabilasi nomidan) — Atlantika okeanidagi yarim berk dengiz. Markaziy va Jan. Amerika oraligʻida. Shim. va sharqdan Katta Antil va Kichik Antil o.lari bilan chegaralangan. Yukatan boʻgʻozi orqali Meksika qoʻltigʻi, boʻgʻozlar orqali Atlantika okeani va Panama kanali orqali Tinch okean bilan tutashgan. Mayd. 2777 ming km2. Oʻrtacha chuq. 2491 m, eng chuqur joyi 7090 m. Suvining oʻrtacha hajmi 6860 ming km3. Qirgʻoq chizigʻi egri-bugri. Gʻarbida va Antil o.lari yaqinida marjon riflari bor. Sohili togʻli, baʼzi joylari pasttekislik. Eng katta qoʻltiqlari: Gonduras, Daryen, Venesuela. Dengiz tubining relyefi ancha murakkab: Grenada (4120 m), Venesuela (5420 m), Kolumbiya (4532 m), Yukatan (5055 m) kabi soyliklar suv osti tizmalari va sayyozliklar orkali bir-biridan ajralib turadi. Yirik orollari: Kuba, Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko. Dengiz tubining grunti ohakli balchiqdan, sayoz joylarda esa marjon choʻkindilaridan iborat. Iqlimi tropik iqlim, passat shamollari taʼsirida. Havoning oylik oʻrtacha t-rasi 23—27°. Yillik yogʻin sharqida 500 mm dan gʻarbida 2000 mm gacha. Dengizning shim. qismida iyun — oktyabrda tropik dovullar boʻlib turadi. Oqim tezligi 1—3 km/soat, Yukatan boʻgʻozida 6 km/soat. Suv yuza qismining oylik oʻrtacha t-rasi 25—28°. Shoʻrligi 36 %o ga yaqin. Suvining rangi yashil va koʻk-yashil. Suv koʻtarilishi har yarim sutkada takrorlanadi (bal. 1 m gacha). K. d.da akulalar, uchar baliqlar, dengiz toshbaqasi, kit va kashalotlar, Yamayka o. yaqinida tyulen, lamantin va koʻplab endemik hayvonlar yashaydi.

K.d. muhim iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega. Dengiz orqali Tinch okean va Atlantika okeani portlarini bogʻlovchi eng qisqa dengiz yoʻli oʻtgan. Eng muhim portlari: Marakaybo, LaGuayra (Venesuela), Kartaxena (Kolumbiya), Limon (Kosta-Rika), Santo-Domingo (Dominikana Respublikasi), Kolon (Panama), Santyago-de-Kuba (Kuba) va b.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil