Istiora
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Istiora (Metafora) - asarlarda soʻzni oʻz maʻnosidan boshqa bir maʻnoda, yaʻni majoziy maʻnoda qoʻllash sanʻati. Bu sanʻat soʻz maʻnolari koʻchishining bir turi boʻlib, u narsa va hodisalar oʻrtasidagi oʻxshashlikka asoslanadi. Shu jihatdan istiora tashbih sanʻatiga yaqin turadi. U koʻpincha tashbihi kinoyaga, yaʻni mushabbihi tushirilgan tashbihga teng keladi. Adabiyotshunoslikda istiora tashbihdan kuchli sanaladi.
"Istiora" arabcha soʻz boʻlib, "biron narsani omonatga (vaqtincha) olmoq" degan maʻnoni ifodalaydi. Tuzilishiga koʻra bir soʻzdan yoki iboradan tashkil topgan istiora sodda istiora, birikmali istioralar murakkab istiora sanaladi.
[tahrir] Misollar
Furqatingdin zaʻfaron uzra toʻkarmen lolalar,
Lolalar ermaski, bagʻrimdin erur pargolalar - baytidagi "sariq yuz" ma'nosidagi "zaʻfaron" soʻzi sodda istioraga, "qonu yosh toʻkaman" maʻnosidagi "toʻkarmen lolalar" iborasi murakkab istioraga misol boʻla oladi.
Yana boshqa misollar:
Keldi ochilur chogʻi oʻzliging namoyon qil,
Parchalab kishanlarni har tomon parishon qil.
(Hamza)
Sheryurakli bu Lochin
Qoqib qanot-qulochin,
Quzgʻunlardan asradi
Elning xotin-xalajin.
(Maqsud Shayxzoda "Kapitan Gastello")
Bunda Lochin - kapitan Gastello, quzgʻunlar - fashistlar maʻnosida ishlatilgan.
Koʻni soʻz irig ul kim aymish, temish,
Angar toʻpqu idtim, tikan chogʻlamish.
(Yusuf Xos Hojib "Qutadgʻu bilig")
(Maʻnosi: Kim aytsa, desa ham toʻgʻri so'z dag'aldir, (yaʻni keskin)
Unga ipak gazmol yubordim, u esa tikan tugib yubordi)
Bu yerdagi ipak gazmol - taklif, tikan - rad etishdir.