Ismoilxoja madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Ismoilxoja madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Muhammad Sobirxoja valadi sayyid Muhammadxoja
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Muhammad Sobirxoja valadi sayyid Muhammadxoja
Asosiy sana:
1822—1823-yillar
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 32 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Ismoilxoja madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Ismoilxoja madrasasi 1822—1823-yillarda Muhammadyor otaliq guzarida[1], Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Haydar davrida, Muhammad Sobirxoja valadi sayyid Muhammadxoja tomonidan bunyod etilgan. Madrasa ikki qavatli boʻlib, gumbazli, tashqi va ichki sahnli va masjidi ham mavjud. Ismoilxoja madrasasi gʻarbida Urganjisaroy nomi bilan mashhur karvonsaroy va Muhammadyor otaliq xonaqohi, janubi va sharqida madrasa bunyodkoriga tegishli mulklar mavjud boʻlgan. Voqif madrasa uchun Anjurjoʻy Xoja Yakshanba mavzesida 78,5 tanob hurri xolis yerini, Buxoro shahri hududidagi Kabutarxona mavzesida 100 tanob yerni, mulla Shoh guzaridagi 3 ta attorlik va ikkita noʻxatfuroʻshlik bor timni madrasa uchun vaqf qilgan. Madrasaga voqifning oʻzi mutavvali boʻlgan. Madrasa oldidagi masjidga madrasa voqifining otasi Muhammad Sobirxoja tayinlangan. Undan keyin uning avlodlari ushbu ishni davom ettirishlari lozim boʻlgan. Ismoilxoja madrasasi sharqida oʻnta hujra voqif avlodlariga ajratilgan. Madrasada banoras toʻnli mudarris taʼlim bergan. Madrasa bilan bogʻliq yana hujjatlarda mudarrislar toʻgʻrisida maʼlumotlar ham mavjud. Mulla Abdurauf Ismoilxoja madrasasida mudarrislik qilgan boʻlib, maoshi 100 tillani tashkil etgan[2]. XX asr boshlarida madrasada mulla Abdukarimbek talabalarga dars oʻtgan. Sadri Ziyo ushbu madrasada 33 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Ismoilxoja madrasasi 32 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.