Innovatsion g'oyalar yetakchisi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Innovatsion g'oyalar yetakchisi“ koʻkrak nishoni
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Turi koʻkrak nishoni
Kimga topshiriladi Oʻzbekiston fuqarolari
Taqdirlash asosi Innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirishda qoʻshgan hissasi uchun
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2018-yil 5-iyun.

"Innovatsion gʻoyalar yetakchisi" koʻkrak nishoni-davlat mukofotlaridan biridir. Ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining „Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“ 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son qaroriga binoan innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshgan yosh olimlar va talabalar hamda tashabbuskor fuqarolarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish va erishgan yutuqlarini munosib taqdirlash maqsadida taʼsis etilgan[1].

Koʻkrak nishoni bilan innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshgan yosh olimlar va talabalar hamda tashabbuskor fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin[2].

Hujjatlarni koʻrib chiqish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid dastlabki takliflar tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari tomonidan har yili 1-apreldan 30-aprelgacha tuman (shahar) hokimliklarida tuzilgan komissiyaga taqdim etiladi.

Tuman (shahar) hokimliklarida tuzilgan komissiyalar taqdim etilgan takliflarni mazkur hudud yoki respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqib, innovatsion gʻoya va texnologiyalarni ushbu hududga yoki respublika iqtisodiyotiga tatbiq etish darajasini hisobga olgan holda oʻrganib chiqadi va koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlar boʻyicha tavsiyalarni har yili 1-iyungacha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va [[Toshkent shaha]r]] hokimliklariga taqdim etadi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etilgan oliy taʼlim muassasalari talabalarining hujjatlari oliy taʼlim muassasasida tuzilgan komissiyalar tomonidan oʻrganib chiqilib, oliy taʼlim muassasasi ilmiy kengashining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi va koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlar boʻyicha tavsiyalar har yili 1-iyungacha oliy taʼlim muassasasi rektorining yoʻllanma xati bilan toʻgʻridan toʻgʻri tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlar hujjatlarni koʻrib chiqib, tegishli yigʻilish qarorlari asosida har bir hududdan 3 nafardan tavsiya qilingan nomzodlarning hujjatlarini (maʼlumotnomalar, ularning ishlanmalari haqida annotatsiyalar (200 ta soʻzdan koʻp boʻlmagan), asosnomalar) har yili 20-iyungacha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etadilar.

Taqdirlash tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha har yili 1-iyulgacha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan komissiya tashkil etiladi hamda nomzodlar boʻyicha hujjatlar koʻrib chiqiladi va har yili 31-avgustgacha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Koʻkrak nishoni bilan mukofotlash toʻgʻrisida har yili 15-sentabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi qoʻshma qarori qabul qilinadi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadilar. Koʻkrak nishoni, uning guvohnomasi va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti har yili Innovatsion gʻoyalar haftaligi – „InnoWeek. Uz“ doirasida vazirlik va Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi tomonidan tantanali ravishda topshiriladi[3].

Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslarning respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlariga yoʻnaltirilgan innovatsion gʻoya va texnologiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tegishli tarmoq yoki sohaga joriy etiladi.

Nomzodlar koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Innovatsion gʻoyalar yetakchisi“ koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi. Old yuqori qismida uch qatorda balandligi 2 millimetr boʻlgan „INNOVATSION GʻOYALAR YETAKCNISI“ yozuvi joylashgan, „GʻOYALAR“ soʻzining oʻng va chap tomonlarida 1,5 millimetr uzoqlikda diametri 1,8 millimetrli sakkiz qirrali yulduz joylashgan. „YETAKCNISI“ soʻzidan 2,5 millimetr pastda balandligi 11,7 millimetr boʻlgan innovatsiyaning ramziy belgisi – choʻgʻlanma elektr chirogʻi aks ettirilgan. Orqa tomoni markazida toʻrt qatorda harflarning balandligi 2 millimetr boʻlgan „INNOVATSION RIVOJLANISNDA YETAKCNILIGI UCNUN“ soʻzlari yozilgan. Koʻkrak nishonning qalinligi 2,2 millimetr. Uning atrofi diametri 30,5 millimetr boʻlgan naqsh bilan hoshiyalangan. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. Koʻkrak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan. Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻgʻri toʻtrburchak shaklidagi qadagʻichgacha ulangan. Qadagʻichning eni – 26 millimetr, boʻyi – 17 millimetr. Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning oʻrtasidan eni 9 millimetrli oq rangli yoʻl, uning ikki chetidan esa eni 1,5 millimetrli qizil rangli ikkita yoʻl oʻtgan. Shoyi lentaning chekka qismlari boʻylab har birining eni 5 millimetr boʻlgan chap tomondagi chekka qismi koʻk rangli va oʻng tomondagi chekka qismi yashil rangli yoʻllar oʻtgan. Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „“Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoniga nomzodlar soni qariyb 500 ga yetdi“. Daryo (13-iyun 2019-yil). Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.
  2. „O‘zbekistonda yangi ko‘krak nishoni ta'sis etildi“. Kun (3-oktyabr 2018-yil). Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.
  3. „“Innovatsion g'oyalar yetakchisi” ko'krak nishoni ta'sis etildi“. uzreport (03-oktyabr 2018-yil). Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]