Grammatika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Grammatika (yun. grammatike, gramma soʻzidan — harf, yozish) — tilshunoslikning tilning grammatik tuzilishini, yaʼni soʻzlarning shaklga ega boʻlish qonuniyatlarini, shuningdek, soʻz birikmalari va gaplarni tuzish qonuniyatlarini oʻrganadigan boʻlimi. G. 2 qismdan — morfologiya va sintaksisdan iborat. Morfologiyada soʻzning grammatik turkumlari va morfologik kategoriyalar, soʻz shakllari, sintaksisda esa soʻz shakllarining gap tarkibida oʻzaro birikish yoʻllari, ran va uning kategoriyalari, gapning tuzilish turlari bayon qilinadi. Demak, G.da soʻz shakli, grammatik maʼno, grammatik shakl, grammatik kategoriya, ran va uning kategoriyalari haqidagi tushunchalar markaziy oʻrinni egallaydi. Tilda oʻzining doimiy ifodalovchisiga ega boʻlgan, soʻz shakli va gapga xos umumlashgan maʼno grammatik maʼno sanaladi. Maʼlum grammatik maʼnoni ifodalash uchun xizmat qiladigan moddiy vosita grammatik shakl hisoblanadi. Grammatik shakllarni grammatik kategoriyani tashkil etgan unsurlar deyish mumkin. Aslida grammatik shakl deganda, maʼlum grammatik maʼnoning moddiy tomoni tushuniladi. Grammatik shakl grammatik kategoriyani tashkil etgan qismlarning bir tomonini — shakliy tomonini ifodalaydi. Shu bois, grammatik kategoriyalar grammatik shakllarning munosabatidan yuzaga kelgan umumiylik, deyilsa mantiqan toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki grammatik kategoriya tarkibiga kirgan har bir qism ham, oʻz navbatida, shakl va mazmun munosabatidan tashkil topgan yaxlitlikdir. Shu sababli ayrim mualliflar grammatik kategoriya tarkibiy qismlari uchun grammema atamasidan foydalanmoqdalar.

Grammatik birliklarni grammatik kategoriyalarga birlashtirishda shu kategoriyaga xos umumlashgan maʼno asos boʻlib xizmat kiladi. Kategoriyaga xos bu umumlashgan maʼno mazkur kategoriyaga birlashgan har bir grammemada takrorlanadi. Shu bilan birgalikda kategoriya doirasidagi har bir grammemaning boshqasidan farq qiladigan maʼnosi ham bor. Ana shu maʼnolar kategoriya unsurlarining oʻzaro zidlanishida asos boʻlib xizmat kiladi. Shunday kilib, kategoriya maʼnosi bilan kategoriya tarkibidagi grammema maʼnosi oʻrtasida tur-jins munosabati mavjud.

G. maʼlum til qurilishini qanday oʻrganishiga koʻra, amaliy G. va nazariy G.ga boʻlinadi. Amaliy G. muayyan bir tilda gapning toʻgʻri qurilishi uchun zarur boʻlgan grammatik qoidalarni tavsiflaydi. U, oʻz navbatida, 2 turga boʻlinadi: tavsifiy va meʼyoriy G. Tavsifiy G. til grammatik qurilishini tavsiflash, bayon qilish bilan cheklanadi. Meʼyoriy G. esa til faktlarining til meʼyoriga munosabatini, maʼlum bir lisoniy birlik yoki qurilmaning toʻgʻri yoki notoʻgʻri qoʻllanganini oʻrganadi. Amaliy G.dan farqdi ravishda, nazariy G. til qurilishini tavsiflash bilan birga, til qurilishidagi birliklarning oʻzaro munosabatini oʻrganadi. Bu orqali har bir lingvistik birlikning til sistemasidagi oʻrni, qiymati belgilanadi. Nazariy G.da til grammatik qurilishining sistemaviy xususiyati ochiladi. Bevosita kuzatishda berilgan hodisalar zamirida yashiringan mohiyat belgilanadi. Shuning uchun ham nazariy G. umumiylik — xususiylik, mohiyat — hodisa, imkoniyat — voqelik dialektikasini oʻzida namoyon etuvchi til — nutq zidlanishiga asoslanadi.

Grammatik birliklar tadqiqotchi tomonidan qaysi tomondan oʻrganilishiga koʻra, G. faol, nofaol turlarga boʻlinadi. Shakldan maʼnoga qarab tadqiq qilish usuli — semasiologiya usulidir. Bu usulda maʼlum grammatik shakl qanday maʼno ifodalashi haqida gap boradi. Yuqoridagi usulda grammatik birliklarni oʻrganish nofaol G. sanaladi. Aksincha, mazmundan shaklga tamoyili bilan ish koʻruvchi G. faol G. hisoblanadi. Faol G.da u yoki bu mazmun qanday yoʻllar bilan moddiylashishi mumkinligi aniqlanadi.

Xuddi shu yoʻnalish bilan bogʻliq ravishda G. mazmuniy (mental), shakliy (formal) va vazifaviy (funksional) G.larga boʻlinadi. Mazmuniy G. mazmundan shaklga tamoyiliga amal qiladi. Obʼyektiv borliqning ongda aks etishi va ongda aks etgan obʼyektiv olam unsurlari umumlashgan obrazlarning tilda qanday oʻz ifodasini topishini mazmuniy G. oʻrganadi. Shakliy G. esa semasiologik tamoyil, shakldan mazmunga tamoyili asosida ish koʻradi. Grammatik kategoriyalarni tasnif qilishda shakl ustuvorlik kiladi. Bu yunalishda grammatik shakllarni oʻrganish jarayonida nolisoniy (ekstralingvistik) omillarning eʼtiborga olinishi shart emasligi taʼkidlanadi. Funksional G. da asosiy eʼtibor grammatik shakl va grammatik kategoriyalarning vazifasiga qaratiladi. Bunday G.larda lisoniy birlikning 3 tomoni: mazmun, shakl, vazifa (funksiya) dialektik birlikda olinadi.

G. muammolari dastlab qad. Hindistonda (tilshunos Paninining G.ga oid traktatida, mil. av. 5—4-a.lar), keyinroq Yunonistonda (Aristotel, mil. av. 4-a., yunon tilshunosi Apollon Diskol, mil. av. 2-a. va b.ning asarlarida) ishlangan. Yunon grammatik anʼanalari lotin tilini oʻrganish jarayonida rivojlanib borgan.

Oʻzbekistonda G.ni oʻrganish tarixi Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asariga borib taqaladi. Bu jarayon oʻrta asrlardagi lugʻatshunoslik taraqqiyotida ham oʻz aksini topgan (Toli Imoniy Hiraviyning "Badoye ul-lugʻat" asari, 15-a.; "Abushqa" nomli chigʻatoycha-turkcha lugʻat, 16-a. va b.).

Hoz. oʻzbek tili G.si Yevropa G.si asosida yaratilgan. Bu jarayon 19-a.ning 2-yarmidan boshlangan. Dastlab rus turkshunosi M. A. Terentyev "Turk, fors, qirgʻiz (qozoq) va oʻzbek tillarining grammatikasi" (1875) kitobini yozib, SanktPeterburgda nashr ettirgan. Bu kitob mahalliy tilni oʻrganmoqchi boʻlgan rusiyzabon kishilarga moʻljallangan edi. Oʻzbek tilining izchil ilmiy G.sini yaratishni 20-a.ning 20-y.larida Fitrat, Gʻozi Yunus, Shorasul Zunnun va b. boshlab berdilar. Keyinchalik bu sohada A. Gʻulomov, Gʻ. Abdurahmonov, A. Hojiyev, Sh. Rahmatullayev, Sh. Shoabdurahmonov, S. Usmonov, B. Oʻrinboyev va b. tilshunos olimlar katta ishlarni amalga oshirdilar (yana q. Tilshunoslik).

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Yespersen O., Filosofiya grammatiki, M., 1958; Oʻzbek tili grammatikasi, T., I, II j., 1975, 1981; Sodiqov A. va b., Tilshunoslikka kirish, T., 1981; Hojiyev A., Lingvistik terminlarning izoqli lugʻati T., 1985; Sh oab d u r ahm o n o v Sh., Hojiyev A. va b., Hozirgi oʻzbek adabiy tili, T., 1980; Mahmudov N., Nurmonov A., Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi, T., 1995; Nurmonov A., Shahobiddinova Sh.vab., Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi, T., 2001.

Abduhamid Nurmonov, Nemat Mahkamov.