Fathulloh qoʻshbegi madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Fathulloh qoʻshbegi madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Fathulloh qoʻshbegi
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Fathulloh qoʻshbegi
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 65 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Fathulloh qoʻshbegi madrasasi — Buxoro madrasasi. Hozirgi kunda madrasa saqlanib qolmagan. Fathulloh qoʻshbegi madrasasi 1585-yilda Hoji Hasan guzarida[1], Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Abdullaxon II davrida Fathulloh qoʻshbegi tomonidan bunyod etilgan. Hoji Hasan guzari Fathulloh qoʻshbegi guzari deb ham nomlangan. Madrasa ikki qavatli boʻlib, pishiq gʻishtdan bunyod etilgan. Hujralar ikki qator boʻlib, bir tomoni hovligi va ikkinchi tomoni koʻchaga qaragan boʻlgan. Shu sababli mahalliy aholi ushbu madrasani ikki yuzli madrasa deb nomlagan. Olga Suxareva maʼlumotlariga koʻra madrasa 100 hujradan iborat boʻlgan. Madrasa Buxorodagi ikkinchi toifaga mansub. Fitratning maʼlumotlariga koʻra madrasaning yillik vaqf mablagʻi 80 ming tangani tashkil etgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Vaqf hujatida ushbu madrasa amir Fathulloh qoʻshbegi ibn amir Asadulloh ilm ahli uchun Mas’udbek guzarida madrasa bunyod ettirgan. Madrasa yuqori va pastki hujralar, ichki va tashki hovli, masjid, tahoratxona va gumbazlari mavjud boʻlgan. Fathulloh qoʻshbegi madrasasi gʻarbida vaqf doʻkonlari, shimoli-sharqida yer-mulklar, janubida esa koʻcha joylashgan boʻlgan. Madrasa uchun voqif Komi Abu Muslimda 1500 tanob, Poyrudda 218, Qasri safed va Raboti qalmoq mavzesida 1000, Poyruddagi Rabotak mavzesida 157,5 tanob yerni vaqf qilgan. Madrasaga vofiqning oʻzi mutavvali boʻlgan. Madrasada mudarrislar 4 kun dars bergan va har bir hujrada 2 nafardan talaba istiqomat qilgan. Ushbu madrasada yetti nafar mudarris taʼlim bergan. Madrasa faoliyatiga oid 15 dan ortiq hujjat aniqlangan. Mudarrislarning maoshi 30-50 tillani tashkil etgan. Madrasa shoʻrolar davrida 1935-yil vayron qilingan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 65 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Fathulloh qoʻshbegi madrasasi 65 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.