Do‘rman mahallasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Do‘rman mahallasi
Mahalla
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Xorazm viloyati
Tuman Xonqa tumani
Iqlim turi keskin kontinental
Rasmiy til(lar)i oʻzbek tili
Konfessiyaviy tarkib musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeks(lar)i 220803[1]
Avtomobil kodi 90

Doʻrman mahallasi – Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi mahallalardan biri. Bunday turdagi nom koʻpgina hududlarda uchraydi. Z.Doʻsimovning takidlashicha Zarafshon vohasi, Xorazm, Surxondaryo, Toshkent viloyati, Tojikiston va shimoliy Afgʻonistonda yashagan oʻzbek urugʻlaridan biri hisoblanadi deydi. XVI-XVII asrlarda Dashti Qipchoq hududiga Doʻrman urugʻi koʻchib kelgan. Doʻrmon moʻgʻulcha toʻrt degan maʼnoni anglatadi[2]. Bundan tashqari, Doʻrmanlar Zarafshon vodiysi, Surxondaryo va Toshkent vohalarida yashagan. Doʻrmon qabilasining Qoʻyli, Uvoq, Uch rugʻ, Koʻkchelak, Sakson, Noʻgʻoy, Gurdak, Oytamgʻali kabi urugʻlari boʻlgan. Bu qishloqlar nomi Doʻrman va Doʻrmon shakllarida talaffuz qilinadi[3]. Shu bilan birgalikda Samarqand viloyatidagi ayrim tumanlarda bunday turdagi atama bilan ataluvchi mahalla va qishloqlarni uchratishimiz mumkin. Rashididdin Fazlullohning „Jomi at-tavorix“ kitobida (XIV asr) doʻrmonlar (baarin) qabilasi bilan yaqinligini qayd qilib, ikkalasi bir oʻzakdan kelib chiqqan, deydi. U „Jomi at-tavorix“ kitobini yozishda 1286-yili Xitoydan Eronga kelgan Poʻlod Chjen-syan (ushbu amir Doʻrmon urugʻidan boʻlgan) ning hikoyalaridan keng foydalangan. Abulgʻozi Bahodirxonning yozishicha doʻrmanlar moʻgʻullarning Bichinkayon nomli podshoning toʻrtta oʻgʻlidan tarqalgan. Bichinkayon vafot etadi va taxtni kichik oʻgʻliga topshiradi. Biroq akalari uning podsholigini tan olmaydi. Xalq aka-ukalarning soʻzlariga quloq solmaydi. Keyinchlik ular boshqa yurtlarga koʻchib ketadilar va ularga doʻrmon deb nom qoʻyadilar. Hofiz Tanish Buxoriyning „Sharafnomayi shohiy“ asarida yozilishicha, toʻrtta yosh yigit boshqa viloyatga borib yashash uchun daryodan oʻtib istiqomat qilganlar. Moʻgʻullar toʻrtni „doʻrmon“ deydilar. Ana shu toʻrt yigitdan tarqalgan odamlarni doʻrmonlar deb atay boshlaganlar. Oʻzbek ensiklopediyasida doʻrmon XV-XVI asrlarda Dashti Qipchoqdan kelgan oʻzbek qabilalaridan biri deyiladi. J.Shomurodovning (1967-yil tugʻilgan) aytishiga koʻra, bu yerda Doʻrmonlarning Oʻrjaqlar, Xalachilar, Bektoʻbi, Navandaki urugʻlari yashashadi. Xalaji (xalach, kalach)lar qadimgi turkiy qabilalardan boʻlib, ular Qarluqlar bilan (balki ulardan ham oldinroq) Amudaryoning janubidagi mamlakatlar – Tohariston, Seiston va ularga chegaradosh viloyatlarga taxminan VI asrlarda koʻchib kelib joylashgan. Keyinchalik ular mahalliy xalq tarkibiga singib ketgan. Xalachlar afgʻonlarning Gilzoyi qabilasining shakllanishida katta oʻrin tutganlar[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Xorazm viloyati aholi punktlari pochta indekslari“. https://www.goldenpages.uz/uz/pochta/khorezm_region_pochta/. Qaraldi: 26-oktyabr 2023-yil.
  2. Z.Doʻsimov, X.Egamov. Joy nomlarining qisqacha izohli lugʻati. – Toshkent, 1977. 55-bet
  3. OʻZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUGʻATI. Toshkent. 2022
  4. OʻZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUGʻATI. Toshkent. 2022