Dehqonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dehqonlar - ijtimoiy guruh, aholining asosiy kasbi dehqonchilik boʻlgan maxsus toifasi. D. mehnat faoliyati, turmush tarzi, manfaati va koʻnikmalariga koʻra jamiyatdagi boshqa sinf va ijtimoiy guruhlardan farq qiladi. D. agrar sohada faoliyat koʻrsatadi, yer va b. resurslarga egalik qiladi, oʻz i.ch. vositalari va oila aʼzolari mehnati bilan yakka xoʻjalik yuritadi. D.ning paydo boʻlishi ibtidoiy jamoat tuzumining parchalanishi jarayonida q.x.da ixtisoslashuv yuz berib, dehqonchilikning chorvachilikdan ajralib chiqishi va mayda oilaviy xoʻjaliklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq. Oʻrta Osiyoda va Eronda dastlab jamoadan ajralib chiqqan katta yer egalari, baʼzan qishloq oqsoqollari "dehqon" deyilgan (ular oʻzlarining devor bilan oʻralgan mustahkam qoʻrgʻonlariga ega boʻlganlar). Oʻrta asrlarga kelib D. qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotining asosiy tayanchini hosil etdi, natijada u aholining asosiy ijtimoiy qatlamiga aylandi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyoti va ijtimoiy meqnat taqsimotining chuqurlashuvi natijasida asosan q.x. ishlab chiqarishida band boʻlgan D. tovar-pul munosabatlari yuzaga keltiradigan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga tortildilar va astasekin ijtimoiy tabaqalanib mayda, oʻrtahol va yirik yer egalari boʻlgan D. paydo boʻldi. Sanoat rivojlanishi b-n, birinchi navbatda, kambagʻal, mayda D. hisobidan ishchilar shakllanadi va shu hisobiga D. soni qisqardi. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda D. sonini kes-kin qisqartiradigan fermer xoʻjaliklarining oʻsishi bilan bir qatorda kooperatsiya ham yuzaga keldi. Hoz. rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining asosiy qismini tashkil qiladigan D.ning xoʻjalik ukladi rivoji ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning umumiy qolokligi taʼsirida yanada murakkablashib bormoqda. Sobiq SSSRda, Sharqiy Yevropa va Osiyodagi bir qator mamlakatlarda kuch ishlatib, qatagʻon yoʻli bilan amalga oshirilgan dehqon xoʻjaliklarini jadal kooperatsiyalash (jamoa xoʻjaliklariga aylantirish) q.x. ishlab chiqarishini juda pasaytirib, D.ga ham, jamiyatga ham zarar keltirdi.

Hoz. vaqtda Oʻzbekistonda tomorqa yeri boʻlgan mayda D., shirkat aʼzosi boʻlgan D., dehqon xoʻjaligi egalari boʻlgan D. va davlatdan yerni uzoq muddatga (10— 50 yil) ijaraga olgan yirik fermer xoʻjaligi sohiblari boʻlgan D. faoliyat koʻrsatadi (yana q. Dehqonchilik).

Ahmadjon Oʻlmasov.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil