Chuqur madrasasi

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Chuqur madrasasi
Kattaxoja madrasasi
Mavlaviy Sharif madrasasi
Madrasa hovlisi. 2015-yil.
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Manzil Mirzo Ulugʻbek MFY, X. Ashurov koʻchasi
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Buxoro viloyati madaniy meʼros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Asomiddinxoja (Kattaxoja)
Homiylar Asomiddinxoja (Kattaxoja)
Asosiy sana:
XVIII asrning 1-yarmi
Maqomi davlat himoyasida[1]
Holati Ayanchli ahvolga kelib qolgan
Hujralar soni 23
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Chuqur madrasasi (Kattaxoja madrasasi; Mavlaviy Sharif madrasasi)Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 1 qavatli madrasa inshooti. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Madrasani tiklash va taʼmirlash uchun 2010-yilgi davlat dasturiga koʻra mablagʻlar ajratilganligiga qaramay, u hozirga qadar qarovsiz va ayanchli ahvolda qolib ketgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa XVIII asrning 1-yarmida Buxoro xonligi poytaxtining Mavlono Sharif guzarida, Ashtarxoniylar (Joniylar) oʻzbek sulolasi hukmronligi davrida, Asomiddinxoja (Kattaxoja) ismli shaxs mablagʻlari evaziga bunyod etilgan[2].

Asomiddinxoja (zamondoshlari Kattaxoja deb ham atashgan), Mavlaviy Sharifning nevarasi edi. Kattaxoja Ashtarxoniylar davrida qozikalon lavozimida ishlagan. U oʻz davrida ajdodlari yoʻlini davom ettirib Mavlaviy Sharif xonaqosi faoliyatida qatnashadi. Madrasalarda mudarrislik qiladi. Ayni paytda, u xonaqoh orqasida yangi madrasa qurdiradi. Mavlaviy Sharif xonaqosi keyingi davrlarda ham tariqat ahlining doimiy goʻshalaridan biri hisoblanardi. Bu hol shoʻrolar inqilobiga qadar davom etgan[2]. Madrasa atrofdagi binolarga nisbatan chuqurroq yerda joylashgani tufayli keyinchalik Chuqur madrasa nomini oladi[3].

Sovetlar hukmronligi oʻrnatilganidan soʻng madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.

2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2010-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, konstruktiv mustahkamlash, tiklash ishlari rejalashtirilgan va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 60,3 million soʻm mablagʻ ajratilganligiga qaramay[4], hozirda inshoot qarovsiz va ayanchli ahvolda qolib ketgan.

Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[1].

2020-yil maʼlumotlariga koʻra, Chuqur madrasasining butligini saqlash, uning holatini yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha investor tomonidan loyiha taqdim etilgan. Madrasaning negizida turistik xizmat koʻrsatish obʼekti tashkil etish boʻyicha dastlabki loyiha tayyorlanib, Oʻzbekiston Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etilgan[5].

Buxoro shahridagi Mirzo Ulugʻbek MFYga qarashli X. Ashurov nomidagi koʻchada joylashgan[1].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 1 qavatli qilib qurilgan[3]. 23 hujradan tashkil topgan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (3 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 15-iyul, 2022-yil(2022-07-15) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]