Banan

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Banan (Musa) — banansimonlar oilasiga mansub koʻp yillik tropik oʻsimlik. Vatani Afrika va Osiyoning tropik va subtropik zonalari hamda Malayya arxipelagi. Asosan, Lotin Amerikasi mamlakatlarida oʻstiriladi. B.ning boʻyi 15 m gacha boradi, bargi yirik (uz. 4 m gacha, eni 90 sm gacha). B.ning 40 ga yaqin turi bor. Guli qoʻsh jinsli. Mevasi rezavor meva. Bir tup mevada 300 tagacha mevasi bor (60 kg gacha). Bir mevasining uz. 15 sm gacha, diametri 3 — 4 sm ga boradi. Sargʻish, eti oqish, shirin. Etining tarkibida 75 — 76% suv, 14 — 22% qand, 5 — 8% kraxmal, 1,5% gacha protein, 0,3 — 0,6% moy bor. Partenokarpiya usulida (otalanmasdan) meva hosil qiladi, shuning uchun urugʻi puch. B. mevasi xoʻlligicha hamda quritilgan holda isteʼmol qilinadi. Koʻpchilik turlarining mevasi yeyishga yaramaydi. B. ildiz bachkilari yordamida koʻpayadi. Ayrim turlaridan dengizchilikda qoʻllaniladigan arqonlar, baliq ovlash toʻrlari tayyorlashda ishlatiladigan tola (abaka) olinadi. B.ning xushmanzara daraxt sifatida koʻchalar, parklarda va uylarda oʻstiril gan turlari ham bor (yapon B.).

Rixsivoy Joʻrayev.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil