Bahouddin daxmasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bahouddin daxmasi
Muqobil nomlari Bahouddin daxmasi

Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi daxma
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XVI asr

Bahouddin daxmasi – mashhur avliyo, naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband (1318–1389) daxmasi. Daxma Buxoro viloyati, Kogon tumani, Qasri Orifon qishlogʻida joylashgan. XVI asrda Bahouddin Naqshband qabri ustiga dahma qurilib, marmardan panjara qilib bezatilgan. Buxoro xonligida hukmronlik qilgan shayboniy hukmdor Abdulazizxon (1540–1590) davrida xazira atrofi oʻrab olingan[1].

2009-yilda Bahouddin Naqshband dahmasidagi lavha yozuv xattot Gʻafurjon Razzoqov tomonidan yangilangan[2]. Unda shunday yozilgan: „Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. U abadiy oʻlmaydigan zot. Alloh-pok. Allohga shukr. Alloh buyuk. Bu hazrat buyuk shayx, sunnatni tiriltiruvchi, bid’atni oʻchiruvchi, haqiqatni kashf qiluvchi, daqiq maʼnolarini izhor qiluvchi, haqning xalqdagi hujjati Sayyid Muhammad ibn Sayyid Muhammad Bahouddin Naqshband Buxoriy (Alloh sirlarini muqaddas qilsin)ning munavvar qabrtoshi. Ul zot bu muborak qasri Orifon qishlogʻida. Hijriy 718-yili muharram oyida tavallud topganlar. Tariqat ilmini Muhammad Bobo Samosiy va Sayyid Amir kuloldan oʻrganganlar. „Hayotnoma“, „Dalil ul-oshiqin“ va „Al-Avlod“ kabi bir necha kitoblarni taʼlif etganlar. Hazratning taʼriflarini sanab, adosiga yetib boʻlmaydi. Zoti boborakot hijriy 791-yil 3-rabiul-avvalda (1339-yil 9-mart) dushanba kuni kechqurun vafot etdilar. Alloh ul piri komilning fayz barokotlaridan barchamizni bahramand aylasin[3]“.

Daxmaning sharqiy tomonida qora va koʻkroq hamda sarigʻ ranglarda tovlanadigan tosh boʻlib qabrda oʻrnatilgan. U „Sangi murod“ deb nomlanadi. Buxoro hukmdorlari Bahouddin Nashqband qabriga maqbara bunyod etishga harakat qilgan lekin har safar maqbara qurishganda qulab tushgan. Shundan soʻng qabr atrofini marmar toshlar bilan oʻrashgan[1].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Йўлдошев 2019, s. 57.
  2. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 279.
  3. Йўлдошев 2019, s. 81.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Каримова Г., лойиҳа муаллифи, таржима ва изоҳлар муҳаррирлари Б. Бобожонов, К. Рахимов. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар. Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 2011 — 564 bet. ISBN 978-9943-01-716-0. 
  • Йўлдошев Н., Бобожонов Ш. Баҳоуддин Нақшбанд тарихий меъморий мажмуаси. Тошкент: Наврўз нашриёти, 2019 — 113 bet.