Axloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Axloq — kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘ladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda axloq talablarini bajarish-bajarmaslik maʼnaviy taʼsir ko‘rsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni maʼqullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Axloqni etika fani o‘rganadi.

Insoniyat taraqqiyotida axloq muhim o‘rin tutadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, maʼnaviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan. Inson axloqiy, umuman maʼnaviy va maʼrifiy jihatdan kamol topishi jarayonida turli tarixiy bosqichlardan — johillik, nodonlikdan ilmga, yovuzlikdan ezgulikka, vahshiylikdan insoniylikka o‘tarkan, jamiyat ham shu tariqa rivojlanadi. Ikki muqobil ibtido — yovuzlik va ezgulik, jaholat va kamolatning o‘zaro kurashi inson va jamiyat taraqqiyotini belgilagan, inson aql-zakovat sohibi sifatida o‘zini anglashiga olib kelgan. Bu ikki muqobil kuch kurashi jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarda ifodalansa, insonga nisbatan uning ichki olamiga xos nafs bilan qalb, aql bilan aqlsizlik o‘rtasidagi kurashda ifodalanadi. Axloq muayyan jamiyat va davrda o‘zgarishlarga uchrashi, rivojlanishi, so‘nishi mumkin. Har bir xalqning yoki millatning o‘ziga xos axloqi bilan bir qatorda, umumbashariy axloq meʼyorlari ham bor. Bunday axloq meʼyorlari jamiyatning umumiy taraqqiyotiga samarali taʼsir ko‘rsatadi.

Axloq va din[tahrir]

Axloqning shakllanishida va uning ijtimoiy o‘rnida dinning ahamiyati katta. Dinning asosiy maqsadlaridan biri, insonga yomonlikning zararlarini bayon qilish hamda yomon yo‘lga kirib ketganlarni to‘g‘ri yo‘lga daʼvat etishdir. Dinlarda to‘g‘ri yo‘lga chorlash, umuman yaxshilik va yomonlik tushunchasi turlicha bo‘lishi, hatto bir-biriga zid kelishi mumkin. Zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda yaxshilik va ezgulik xudosi Ahuramazda bilan yomonlik va yovuzlik xudosi Axramaynu o‘rtasidagi kurash abadiy davom etadi, axloq bu kurashning ifodasidir, degan g‘oya ilgari suriladi. Xristianlik, yahudiylik va boshqa dinlarda ham yaxshilik va yomonlikning o‘z ifodasi bor. Islomda, uning muqaddas kitobi Qur’oni Karimda axloq masalasiga alohida eʼtibor berilgan. Qur’oni Karim bajarishga buyurgan yaxshi xulqlarga insonlar amal qilishsa, o‘zlari uchun katta baxtga sazovor bo‘ladilar. Qur’oni Karimda to‘g‘ri yo‘lga yurishlik istiqomat (o‘zini o‘zi isloh qilish) tushunchasida ifodalangan. Qur’onda istiqomatda bo‘lganlarga, yaʼni o‘z-o‘zini isloh qilganlarga katta vaʼdalar berilgan: „Kim bunday jabru zulmidan keyin tavba qilib, o‘zini tuzatsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul qilar“ („Moida“ surasi, 39-oyat). Istiqomat gunoh ishlarni qilib qo‘yganlar uchun qalbini poklash sari umid tug‘diradi va ularni noumidlikdan qutqarib yangi saodatli hayotga chorlaydi. Islomda oliyjanob axloqning eng muhim tushunchalari taʼriflanib, insoniyatni ularga amal qilish sari undaladi. Bular — ehson (yaxshilik qilish), kechirimli bo‘lish, sabr-qanoat, rostgo‘ylik, shirinso‘zlik, ota-onani, o‘zidan katta yoshlilarni hurmat qilish, or-nomus, sadoqat va boshqalardir. Ayni vaqtda yomon xulq-atvor tushunchalarining mohiyati ham ko‘rsatilib, ulardan saqlanishga undaladi. Bular — baxillik, hasad, tama, yolgonchilik, takabburlik (kibru havo), g‘iybat, zinodir. Shu tarzda insoniyatning butun amaliy faoliyati yaxshilik va yomonlikka ajratiladi. Musulmonlar bir-birlarini yaxshilik va oliyjanob axloqqa chaqirishlari, nojo‘ya ishlardan qaytarishlari Alloh tarafidan farz qilingan. Islom axloqining asosida halollik va taqvo yotadi. Kimki jismoniy va maʼnaviy pok, taqvodor bo‘lsa, unday kimsa axloqsizlik yo‘liga kirmaydi. Islomga amal qiladigan xalqlar axloqi, baʼzi bir jihatlari bilan farqlansada, shu din tufayli umumiylik bor. Bu umumiylik sharq axloqi degan nom bilan birlashgan. Sharq axloqi Qur’on va hadisdan tashqari juda ko‘plab mutafakkirlar, faylasuf, shoirlar asarlarida taʼrifu-tashviq etilgan. „Qobusnoma“, „Axloqi Jaloliy“ kabi maxsus kitoblar yozilgan.


Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil