Angren ugamiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Angren ugamiyasi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Ugamia
Oila: Murakkabguldoshlar
Binar nomi
Ugamia angrenica

Angren ugamiyasi (lotincha: Ugamia angrenica) – ikki urugʻpallalilar sinfi, murakkabguldoshlar oilasi, ugamiya turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Piskom, Ugom va Qurama togʻ tizmlarida oʻsadi[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boʻyi 2-8 sm gacha yetadi. Hayotiy shakli yarimbuta. Poyalari koʻp va zich joylashgani sababli chim hosil qiladi. Serbarg, bargchalarining uzunligi 1,2 sm, kengligi 0,6 sm boʻlib sirti zich joylashgan tuklar sababli kulrang yashil tusda koʻrinadi. Barglari poyada navbatma-navbat joylashgan. Toʻpguli savatcha shaklida. Savatchalari yakka-yakka boʻlib poya uchida joylashadi. Gulbandlari kalta va egri. Gultojibarglari sariq tusda cheti toʻq qoʻngʻir hoshiyali. Savatchadagi gullari nay shaklida, tojibargi 4,5-5,5 mm. Gullari bir jinsli, urugʻchibargining uzunligi 4-5 mm tuklar bilan qoplangan. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun oyida gullab mevasi iyul-avgustda yetilib pishadi. Mevasi quruq pista meva. Urug‘i orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda kam tarqalgan. Kichik toʻplamlar hosil qilib oʻsadi. Toshkent viloyati Piskom, Ugom va Qurama togʻ tizmlarida uchraydi. Togʻning yuqori qismidagi toshli, shagʻalli yonbagʻirlarda, granit boʻlaklar orasida, quyosh nuri tik tushmaydigan joylarda topish mumkin. Maʼlum oʻsish sharoitiga moslashganligi sababli tabiatda kam uchraydi. Chotqol biosfera qoʻriqxonasi va Ugom Chatqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Ugamia angrenica (Krasch.) Tzvelev“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.