„Veterinariya fidoyisi“ koʻkrak nishoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Veterinariya fidoyisi ko‘krak nishoni
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Turi Koʻkrak nishon
Taqdirlash asosi veterinariya sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2022-yil 8-fevral

"Veterinariya fidoyisi" koʻkrak nishoni-davlat mukofotlaridan biridir. Ushbu koʻkrak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining „Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida“ 2022-yil 8-fevraldagi PQ-120-son qaroriga muvofiq, shuningdek, chorva mollari bosh sonini barqaror koʻpaytirishni taʼminlash, naslchilik ishlari va veterinariya xizmatlarini koʻrsatish sifatini yanada oshirish, epizootik osoyishtalik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, oziqa bazasini mustahkamlash va chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida ishlab chiqarishda fidoyilik koʻrsatayotgan xodimlarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan.

Koʻkrak nishoni bilan mamlakatimiz veterinariya sohasini rivojlantirish, veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, hayvonlarning sogʻligʻini himoya qilishni samarali tashkil etish, epizootik osoyishtalik, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish hamda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga munosib hissa qoʻshgan fuqarolar taqdirlanadi.

Hujjatlani koʻrib chiqish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nomzodlar boʻyicha takliflar har yili 1 iyulgacha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga beriladi. Qoʻmita raisi tomonidan nomzodlarni koʻrib chiqish uchun 5 kishilik komissiyalar tuziladi.

Komissiyalar nomzodlar boʻyicha takliflarni oʻrganib 1 avgustgacha yakuniy xulosalarni qabul qiladi. Xulosalar asosida qoʻmita raisining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyruqlari qabul qilinadi[1].

Talablari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Komissiya tomonidan nomzodlarni koʻrib chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:

-nomzodlarning mamlakatimizda veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, hayvonlarning sogʻligʻini himoya qilishni samarali tashkil etish muhitini mustahkamlash maqsadida amalga oshirgan faoliyati; xorijiy mamlakatlar bilan veterinariya va chorvachilik sohasi boʻyicha har taraflama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyati;

-epizootik osoyishtalik, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashga, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etishga, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga munosib hissa qoʻshganligi.

Taqdirlash tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Komissiya xulosasi asosida Qoʻmita raisining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 20-avgustga qadar chiqariladi va har yili 1-sentabr – Mustaqillik bayrami arafasida[2] topshiriladi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalari beriladi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati Qoʻmitaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya fidoyisi“ koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi. Markazida zarhal va oq ranglarda Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya ramzi tasviri aks ettirilgan.

Koʻkrak nishonining aylanasi boʻylab zarhal hoshiya bilan oʻralgan doira ichida koʻk rangli emal fonida yuqori qismida „OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI“, pastki qismida „VETERINARIYA FIDOYISI“ soʻzlari yozilgan. Ularni ikki yon tomondagi oq rangda tasvirlangan sakkiz burchakli yulduz ajratib turadi. Harflarning balandligi 2,5 millimetr, yozuvlar zarhallangan. Koʻkrak nishonning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan hamda aylana boʻylab „SONADAGI KOʻP YILLIK FIDOKORONA MENNATLARI UCNUN“ soʻzlari yozilgan.

Qalinligi 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir. Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan va halqa va ilmoqchalar yordamida toʻgʻri toʻrt burchak shaklidagi qadagʻichga ulangan. Qadagʻichning eni – 26 millimetr, boʻyi – 17 millimetrdan iborat.

Qadagʻich eni 22 millimetrli koʻk rangdagi shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning oʻng tarafidan eni 1,75 millimetrli oq rangdagi 2 ta yonma – yon yoʻllar tushirilgan. Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Veterinariya va chorvachilik sohasida ko‘krak nishonlarini berish tartibi belgilandi“. Kun (29-sentyabr 2022-yil). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil. [sayt ishlamaydi]
  2. „«Veterinariya fidoyisi» va «Chorvachilik fidokori» nishonlari ta’sis etiladi“. Xabar (17-mart 2022-yil). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]