Zalman Amitin-Shapiro

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Zalman Lvovich Amitin-Shapiro
Tavalludi 1893-yil
Sosnitsia, Chernigov viloyati
Vafoti 1968-yil
Frunze, Qirgʻiziston SSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSRRossiya bayrogʻi Rossiya
Kasbi Etnograf

Zalman Lvovich Amitin-Shapiro (1893(?) – 1968) – sovet sharqshunosi, etnograf olimi[1].

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zalman Lvovich Amitin-Shapiro 1893-yilda Sobiq Chernigov viloyatining Sosnitsa qishlogʻida tugʻilgan. Anʼanaviy yahudiy taʼlimini olgan. 1916-yilda Moskvadagi Xalq universitetini tugatib, Smolenskda oʻqituvchi boʻlib ishladi. Oradan bir yil oʻtib Oʻrta Osiyoga joʻnatiladi. Bu yerda avval maktablarda, soʻngra Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida dars berdi. Toshkent, Samarqand va Buxoroda mehnat faoliyatini olib bordi. 1927-yilda Toshkent universiteti (SADU)ning Sharq fakultetini tamomlagan, Oʻrta Osiyo (Buxoro) yahudiylarini tarixinj oʻrgangan. Zalman Amitin-Shapiro jahon fanida birinchilardan boʻlib Shinjondagi yahudiylar tarixini oʻrgangan. 1938-yilda u sionizm uchun RSFSR Jinoyat kodeksining 58-moddasiga binoan 8 yilga mehnat lageriga hukm qilindi va „burjua-fashistik va trotskistik talqinlarni qoʻllashda“ ayblandi. Ozodlikka chiqqanidan keyin SADUda dars berdi, Oʻrta Osiyoning kichik xalqlari (xususan, dunganlar) madaniyatini oʻrgandi, urushdan keyingi yillarda uning asosiy ishi qirgʻizshunoslik tarixshunosligi va bibliografiyasi boʻldi[2].

Zalman Lvovich Amitin-Shapiro jami hajmi 300 ga yaqin bosma varaqdan iborat 80 dan ortiq asarlar yozgan boʻlib, ulardan 60 tasi nashr ettirgan. Shu jumladan har ikkala mahalliy etnik guruh tarixi, madaniyati, dini, etnografiyasi, tarixshunosligi va bibliografiyasining turli masalalariga bagʻishlangan 19 ta monografiya nashr etilgan. Ushbu 19 ta monogragiya asosan Markaziy Osiyo milliy diasporalari (ruslar, ukrainlar, yahudiylar, loʻlilar, uygʻurlar, dunganlar) haqida yozilgan. Yettita asari geografiya masalalariga bagʻishlangan. 1924-yildan Zalman Lvovich Amitin-Shapiro SSSR Geografiya jamiyatining toʻliq aʼzosi, 1947-yilda uning Qirgʻiziston boʻlimining asoschilaridan biri hisoblanadi.

U Bishkekda vafot etgan va dafn etilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]