Yetti sirli marosim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yetti sirli marosim (tainstva) - tainstvo so‘zi yunoncha misterion sir, sirli degan ma’nolarni anglatadi. Xristianlikka ko'ra, sirli marosim muqaddas xatti-harakat bo‘lib, unda xudoning ko‘rinmas marhamati bor deb e’tiqod qilinadi. Bundan tashqari xristianlik aqidasiga ko‘ra, mazkur marosimlar vaqtida Muqaddas Ruh qatnashadi. Shuning uchun ushbu yetti marosim sirli marosim deb ataladi. Yetti sirli marosimning uchtasi (cho‘qintirish, tavba-tazarru qilish va yevxaristiye-prichasheniye) Yevangeliyada zikr qilingan. Qolgan sirli marosimlar haqidagi ko‘rsatmalar apostollar maktubi kitobida, shuningdek, xristianlikning ilk asarlaridagi cherkov ruhoniylari asarlaridan topish mumkin. Xristianlikning pravoslavlik yo‘nalishida sirli marosimlar ikkiga bo‘linadi: Birinchisi, takrorlanmas sirli marosimlar. Unga cho‘qintirish, miro moyi surtish, ruhoniylik unvonini qabul qilish marosimlari kiradi. Ikkinchisi, takrorlanuvchi sirli marosimlar. Unga tavba-tazarru qilish, yevxaristiya, yeley surtish va ma’lum bir vaziyatlarga ko‘ra, oila qurish sirli marosimlari kiradi. Shuningdek, mazkur yetti sirli marosim ikki kategoriyaga ajratiladi. Birinchisi, majburiy ya’ni har bir e’tiqod qiluvchi bajarishiga buyurilgan sirli marosimlar. Ularga cho‘qintirish, miro moyi surtish, yeley surtish, tavba-tazarru qilish, yevxaristiyalar kiradi. Ikkinchisi, ixtiyoriy ya’ni bajarilishi ixtiyoriy bo‘lgan sirli marosimlar. Bunday sirli marosimlar qatoriga oila qurish va ruhoniylik unvonini qabul qilish kabi ibodatlarni kiritish mumkin[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 193-194.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.