Xumkalla qoʻngʻizlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yer kavlagich qo`ng`izlardan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Xumkalla qoʻngʻizlar, yer kavlagich qoʻngʻizlar (Lethrus apterus) — plastinka moʻylovlilar oilasiga mansub qoʻngʻizlar. Xumkalla qoʻngʻizlar tanasi qisqa va yoʻgʻon (8–18 mm); boshi va oldkoʻkrak yirik, qorni va koʻkragining keyingi ikki segmenta nomutanosib tarzda kichik (nomi shundan). Ustqanot chokidan qoʻshilib oʻsgan, qanoti yoʻq. Yuqori jagʻlar, ayniqsa, erkagida kuchli rivojlangan boʻlib, turtib chiqqan. Qoʻngʻizlari qishlaydi. Erta bahorda (apr.) qoʻriq, tashlandiq, partov va boshqa yerlarda shoxobchali uzun in yasaydi. Urgʻochisi shu in tarmoqchalari chetiga chuqurchalar yasab, bittadan tuxum qoʻyadi, ustini lichinkalar oziqlanishi uchun oʻsimlik poyasi, bargi, shoxchalar bilan yopadi. Urgʻochisi hammasi boʻlib 8—11 ta tuxum qoʻygach, in yoʻllarini tuproq bilan bekitib qoʻyadi. Xumkalla qoʻngʻizlar Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan. Qoʻngʻizi lalmi yerlar hamda choʻlga yondosh dalalardagi, ayniqsa, yangi oʻzlashtirilgan joylardagi ekinlarga katta zarar yetkazadi. Xumkalla qoʻngʻizlar turli ekinlarni, koʻproq bugʻdoy, arpani, shuningdek, qisman beda va gʻoʻzani shikastlaydi. Kurash choralari: Xumkalla qoʻngʻizlar koʻpayishi uchun qulay qoʻriq va partov yerlarni oʻzlashtirish; himoya yoki tutqich ariqchalar qazish. Ekin dalalari cheti hamda unga yondosh yerlardagi oʻsimliklarga xlorofosning 80%li texnik eritmasini va hoʻllanuvchi kukunini (0,75–2 kg/ga) sepish.