Xalkidiki

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Хalkidiki yarim oroli

Xalkidiki yarim oroli Saloniki shahridan, ya’ni Markaziy Makedoniyadan janubda joylashgan bo'lib, o'zining konturlari bilan Poseydon dengiz tubi hukmdorining afsonaviy uch ayri nayzasiga o'xshaydi[1] va u o'z navbatida uchta kichik yarim orolga, xalq tili bilan aytganda “barmoq”larga ajralib ketadi[2].

Afsonaviy tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalkidiki tarixi

Qadimgi yunon miflariga ko'ra, ikki Frakiya devi Siton va Afos ilohiy go'zal suv parisi Pallina tufayli doimiy janjallashib kelishgan. Bu afsonaviy dengiz hukmdori Poseydonning g'azabini keltirib, u yuragidan uch ayrili nayzasini ularga irg’itadi. Natijada, orol uchta alohida qismlarga ajralib qoladi. Yangi tashkil etilgan yarim orollarning birinchisi (g'arbda) dastlab maftunkor Pallina nomi bilan atalgan. Keyinchalik, ya’ni mil.avv. IV asrlarda Makedoniya qiroli Kassandr sharafiga “Kassandra” nomi bilan atala boshlangan[3]. Ikkinchi va uchinchi orollar esa afsonaviy devlarning nomlari bilan? ya'ni Sitonya (Xalkidiki marvaridi) va Afos (Afon) - eng muqaddas Teotokosning yer yuzidagi merosi yoki bog'i (Vertograd)atalgan. Bu yerda Afos tog'ining avtonom monastir davlati o'zining 20 ta pravoslav monastirlari bilan joylashgan[4].

Yarim orolning o'zi mill. avv. X asrda Evbey shahrining xalkidi aholisi tomonidan asos solingan kaloniya nomini oldi[5].

Geografik joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sithoniya, Xalkidiki

Bugungi kunda Xalkidiki - Poligiros shahridagi poytaxtdan alohida joylashgan tuman bo'lib, balandligi bo’yicha Afos tog’idan so’ng ikkinchi o’rinda turuvchi Xolomontas tog'ining etagidan o’rin olgan.

O'zining noyob joylashuvi va uchburchak shakli tufayli Xalkidiki har tomondan: Termik ko'rfazi, Toron ko'rfazi, Sigitikos va Strimon ko'rfazining dengiz suvlari bilan yuviladi. Yarim orol o'ziga xos tabiiy go'zallikka ega. Xalkidiki Egey dengizining firuza suvlari bo'ylab yoyilib ketgan ertaknamo ko’rfaz, yam-yashil o'rmonlar, ekzotik qumli plyajlar va Gigantomaxiya, ya’ni Olimpiya xudolarining devlar bilan jangini eslatuvchi noodatiy shakldagi toshlar o'z ichiga oladi[6].

Sayyohlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalkidikida joylashgan Tiganiya plyaji

Xalkidikida sayyohlik yaxshi rivojlangan. Yarim orolda tinmay yuvilib turuvchi dengiz sohillarida joylashgan dam olish maskanlari, an'anaviy me'morchilik va tor ko'chalari (sokakja), aholi turarjoylari mavjud.

Sport ixlosmandlari suv sportining barcha turlari, jumladan, kanoe ijarasi, dengiz velosipedlari va chang'ilari, shuningdek sho'ng'ish, syorfing, yelkanli uchish, vindsyorfing, reaktiv sky, banan, ringo, sharlarda uchish va Porto Karrasdagi 18 teshikli golf maydoni imkoniyatlaridan bahramand bo’lishlari mumkin. Bu yerda sayohatchilar toqqa tirmashib chiqish, jip-safari va tog’ velosipedi zavqini his qila olish imkoniyatiga ega. Yarim orolda Xolamantos va Stratonik o’rmonlari yo’nalishi bo’yicha 37 ta veloyo’laklar sayyohlarga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Xalkidikida dam olish vaqtida yarim orolning sokin, shu bilan birga, yashirin, uzoq burchaklardagi orolchalarga dengiz kruezlari ham uyushtiriladi. Mintaqa, shuningdek, ko'plab kasalliklarni davolovchi geotermal buloqlari (Loutra, Agia Paraskevi) va muhim arxeologik yodgorliklari bilan mashhur. Ya’ni o’lka qadimgi Olintos, Aristotelning tug'ilgan joyi – Stagira, Potideya, Yevropadagi eng qadimgi odamning tosh qoldiqlari topilgan tarixiy Toroni va mashhur Petralona g'orlari ham mavjud.

Viloyat oʻzining yuqori sifatli mahalliy mahsulotlari – xususan, zaytun moyi, vinosi, uzo, tsipurosi, asali, yangi baliqlari va dengiz mahsulotlari bilan ham mashhur boʻlib, bu gastronomik turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. Yunon pazandaligining lazzatli taomlari esa O'rta yer dengizi taomlarining noyob ta’m va mazasini sizga tuhfa etadi[7].

  1. Xalkidikí // Slovar geograficheskix nazvaniy zarubejnыx stran / Otv. red. A. M. Komkov. — 3-ye izd., pererab. i dop. — M. : Nedra, 1986
  2. Xalkidiki // Slovar sovremennыx geograficheskix nazvaniy / Rus. geogr. o-vo. Mosk. sentr; Pod obщ. red. akad. V. M. Kotlyakova. Institut geografii RAN. — Yekaterinburg: U-Faktoriya, 2006
  3. Zakon kallikratisa Ministerstvo vnutrennix del Gretsii (na grecheskom)
  4. Gerodot. Istoriya v devyati knigax. Izd-vo “Nauka”, Leningrad, 1972
  5. Smit, Uilyam, izd. (1854–1857). “Pallene”. Slovar grecheskoy i rimskoy geografii. London: Djon Myurrey
  6. This article incorporates text from a publication now in the public domain: Chisholm, Hugh, ed. (1911). "Leake, William Martin". Encyclopædia Britannica. Vol. 16 (11th ed.). Cambridge University Press
  7. https://wikiway.com/greece/khalkidiki/,