Viza

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Viza (frans. visa, lot. visis — koʻzdan kechirilgan, qaralgan) — 1) turli davlatlar fuqarolarining boshqa biron-bir davlatga kirishi, undan chiqishi, qisqa muddat yashashi yoki davlat hududidan oʻtishi uchun hukumat masʼul organlari tomonidan (mas., tashqi ishlar vazirligi, ichki ishlar vazirligi) fuqaro pasportiga qoʻyiladigan maxsus rasmiy ruxsat belgisi. V.lar oddiy, turistik, xizmat va diplomatik turlarga boʻlinadi. Oddiy V. fuqarolarga shaxsan foydalanish uchun, turistik V.— uyushgan yoki yakka sayyohlarga, xizmat V.si— davlat va hukumat organlarining xizmatchi shaxslariga xizmat yuzasidan, diplomatik V. esa diplomatik maqomga ega boʻlgan masʼul kishilarga beriladi. V.lardan bir yoki koʻp marta foydalanish mumkin. Bir marta foydalaniladigan V. koʻrsatilgan muddat ichida V. beruvchi mamlakatga bir marta kelib-ketish uchun ruxsatnomadir. Koʻp marta ishlatiladigan V. koʻrsatilgan muddat ichida ruxsat bergan davlatga bir necha marotaba kelib-ketish huquqini taʼminlaydi. Shuningdek, koʻpgina mamlakatlarda fuqaro pasportlariga oʻz mamlakatidan xorijiy yurtlarga chiqish uchun ruxsatnoma — V. belgisi qoʻyilishi mumkin; 2) biron hujjat ustidagi yozuv — rozilik belgisi; hujjatning ichki kelishuvini ifodalaydi. Amaliyotda bironbir hujjatni tayyorlagan shaxsning bu hujjatga masʼulligini tasdiqlovchi imzosini, shuningdek mansabdor shaxsning muayyan hujjatdagi fikrga (iltimos yoki talabga) roziligini anglatadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil