Yumshoq shankr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Venerik yaradan yoʻnaltirildi)

Yumshoq shankr, shankroid, venerik yara — oʻtkir yuqumli tanosil kasalliklardan; jinsiy aʼzolar terisi yoki shilliq qavatlarida ogʻrib turadigan yumshoq yaralar paydo boʻlishi bilan ifodalanadi, uni Yumshoq shankr deb atalishining sababi ham shundan. PetersenDyukreyUnna streptobatsillalari qoʻzgʻatadi, uni rus olimi Petersen (1887), italyan vrachi Dyukrey (1889), nemis olimi Unna (1892) topgan. Kasallik asosan jinsiy yoʻl bilan yuqadi. Yumshoq shankrning koʻtarilib turuvchi, serpiginoz, gangrenoz, gerpetik, follikulyar hamda aralash atipik xillari farqlanadi. Tabiiy sharoitda Yumshoq shankr bilan faqat odam kasallanadi. Yumshoq shankr bilan ogʻrigan kishilarda barqaror immunitet vujudga kelmaydi. Batsilla tashuvchanlik kuzatiladi. Kasallikning inkubatsion (yashirin) davri juda qisqa, 2—3 kun davom etadi. Yumshoq shankr yuqqanidan 1—2 kun oʻtgach, mikrob tushgan joy qizarib, yiring paydo boʻladi, soʻng u yorilib yaraga aylanadi. Yara cheti oʻyilgan, gʻadirbudur va yiringli, atrofi yalligʻlangan, tubi yumshoq notekis, tez qonaydi, ushlaganda ogʻriydi. Odatda, undan koʻp yiring oqib, atrofidagi sogʻ teri ham zararlanadi va yara koʻpayadi. Baʼzan ular kattalashib, qoʻshilib ketadi. Yara 1—2 oydan keyin bitib, chandiqlanadi. Yumshoq shankrda baʼzan mikroblar regionar limfa tugunlariga oʻtadi va ular yalligʻlanib, shishadi (yaʼni bubonlar hosil boʻladi), yiringlab yoriladi. Yumshoq shankrda zararlangan aʼzo ogʻriydi, bemor oʻzini noxush sezadi, gavda harorati yuqori boʻladi va boshqalar Goho Yumshoq shankr bilan bir vaqtda yoki ketmaket zaxm ham qoʻshilishi, bunda unga xos belshlar kechroq namoyon boʻlishi mumkin. Bemorning qoni hamda yaralardan chiqadigan suyuqlik tekshiriladi, unda PetersenDyukreyUnna streptobatsillasining topilishi Yumshoq shankr deb diagnoz qoʻyishga asos boʻladi. Kasallikka gumon qilinganda bemor teritanosil kasalliklari shifokori nazoratiga olinadi.

Davosi. Oʻrta terapevtik dozada sulfanilamid preparatlar va antibiotiklar buyuriladi. Oldini olishda shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, sinashta boʻlmagan kishilar bilan yaqinlik qilmaslik talab etiladi.